Misrlik investor O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishni taklif qildi

Iyul 23, 2026. 17:00 • 2 daq

12
Misrlik investor O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishni taklif qildi

QOHIRA, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi diplomatlari ushbu davlatdagi Xalqaro tijorat va qurilish kompaniyasi direktori Amr El-Shenavi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Amr El-Shenavi O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, avtomobil yo‘llari va ko‘priklar qurilishi sohasiga katta qiziqish bildirdi. U yuqori sifatli xomashyolardan foydalangan holda zamonaviy avtomagistrallar va ko‘priklarni hamkorlikda barpo etish taklifini ilgari surdi.

Uchrashuvda asfalt qoplamasini quyosh nurlarining tik tushishidan himoya qiluvchi maxsus vositalarni o‘rnatish bo‘yicha innovatsion yechimlar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, ushbu texnologik yechim yo‘l infratuzilmasining xizmat muddatini sezilarli darajada uzaytirish hamda moliyaviy resurslarni tejash imkonini beradi. Misr tomoni ushbu himoya konstruksiyalarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxonani bevosita O‘zbekistonda tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar davomida joriy yilning sentyabr–oktyabr oylarida Amr El-Shenavining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish