Erbil shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochiladi

Iyul 22, 2026. 08:55 • 2 daq

127
Erbil shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochiladi

ERBIL, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Iroq Kurdistoni hukumati va ishbilarmonlar delegatsiyasining yurtimizga tashrifidan so‘ng O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Erbil shahri Savdo-sanoat palatasiga xizmat safarini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida elchi palata raisi Gaylan Hoji Said bilan uchrashdi. Muloqot davomida O‘zbekiston va Iroq Kurdistoni o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida elchi Iroq Kurdistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etgani uchun palata rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, elchixonaning ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini qayd etdi.

Uchrashuvda tomonlar Erbil shahrida O‘zbekiston savdo uyini ochish haqida fikr-mulohaza almashdilar. Qayd etilishicha, yangi savdo markazi o‘zbek mahsulotlarini namoyish etish va sotish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Elchi O‘zbekiston hukumati Kurdiston mintaqasi tadbirkorlari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratayotgani, o‘zbek kompaniyalari va investorlarini qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishga jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Palata raisi O‘zbekiston savdo uyini ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, bu delegatsiyaning Toshkentga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, u palata o‘zbek kompaniyalari va investorlariga zarur huquqiy va logistika yordamini ko‘rsatishga tayyorligini bildirib, yangi savdo markazi O‘zbekiston va Iroqning Kurdiston mintaqasi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish