Markaziy Osiyo va Yaponiya ekspertlari hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi

Sentabr 24, 2026. 21:30 • 3 daq

18
Markaziy Osiyo va Yaponiya ekspertlari hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi

TOSHKЕNT, 24-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyo – Yaponiya” formatida tahlil markazlari xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Tokio universiteti qoshidagi Osiyoni istiqbolli tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Forum davomida ishtirokchilar Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar, jumladan, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, yangi texnologiyalar, turizm, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi.

Mintaqaning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Janubiy Kavkaz davlatlari, Turkiya va Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi O‘rta yo‘lakning muhim ahamiyatini ta’kidladi.

O‘zbekistonning Yaponiyadagi sobiq elchisi Alisher Shayxov “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya mutaxassislari ishtirokida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlik mexanizmini shakllantirish lozimligini ta’kidladi.

– Markaziy Osiyo va Yaponiya mutaxassislari belgilangan yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha birgalikda ishlashi, aniq takliflar ishlab chiqishi, qaysi tashkilotlar, kompaniyalar va vazirliklar bilan hamkorlik qilish zarurligini belgilashi kerak, – dedi u. – Ekspertlar muloqotidan amaliy loyihalarni amalga oshirishga o‘tish muhim. Tayyorlanadigan takliflar nafaqat strategik maqsadlar, balki ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari, salohiyatli hamkorlar ro‘yxati, davlat va xususiy tuzilmalar bilan sheriklik formatlarini ham qamrab olishi lozim.

Mutaxassislar tayyorlash va Yaponiyaning texnologik tajribasini uzatishga alohida e’tibor qaratish zarur. Istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish, xususan, Yaponiya texnologiyalarini o‘rganish va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi universitet yoki ixtisoslashtirilgan institutlarni tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Tokio universiteti qoshidagi Osiyoni istiqbolli tadqiqotlar instituti direktori, professor Jin Sato Markaziy Osiyoga ilk bor tashrif buyurgani va mintaqaning tarixiy hamda madaniy merosini yuksak baholaganini ta’kidladi.

– Bugun biz telekommunikatsiyalar, energetika, sanitariya infratuzilmasi, sun’iy intellekt va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan keng doiradagi masalalar, Markaziy Osiyoda yashash sharoitlarini yaxshilash uchun Yaponiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildik, – dedi Jin Sato. – Bunday ekspertlar muloqoti Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirishga xizmat qilib, hamkorlikning yangi amaliy yo‘nalishlarini aniqlash imkonini beradi.

Tahlil markazlari xalqaro forumi raqamlashtirish, transport va logistika, energetika, turizm, ta’lim hamda texnologik hamkorlik sohalaridagi sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashish va aniq takliflar ishlab chiqish maydoniga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish

So‘nggi yangiliklar

O‘zbekiston hududlaridagi olti texnikumga Pokistondan yangi jihozlar to‘plami topshirildi
O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalaridaSentabr 24, 2026. 19:30
O‘zbekiston hududlaridagi olti texnikumga Pokistondan yangi jihozlar to‘plami topshirildi
Fransiyalik ishbilarmon Klod Imoven “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiSentabr 24, 2026. 19:00
Fransiyalik ishbilarmon Klod Imoven “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi

Barchasi