O‘zbekiston hududlaridagi olti texnikumga Pokistondan yangi jihozlar to‘plami topshirildi
Sentabr 24, 2026. 19:30 • 2 daq
• 38
ISLOMOBOD, 24-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi O‘zbekistonning oltita ta’lim muassasasidagi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida beg‘araz grant yordami ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qo‘llab-quvvatlashdan Nukus professional texnikumi, Gurlan tumanidagi 1- va 2-sonli texnikumlar, Jizzax shahridagi 1-sonli texnikum, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 1-sonli texnikum hamda Dang‘ara tumanidagi 1-sonli texnikum bahramand bo‘ldi.
Loyiha O‘zbekiston Prezidenti raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirildi. Unda, jumladan, elchixonalarga biriktirilgan texnikumlarni rivojlantirish va ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Grant doirasida oltita ta’lim muassasasining har biriga elektr montaji va payvandlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va maxsus jihozlar to‘plami topshirildi. Har bir to‘plam zarur qurilma va vositalarning 14 turini o‘z ichiga oladi.
Yangi jihozlar o‘quvchilarga nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash va zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi.
Texnikumlar rahbarlari bilan jihozlardan samarali foydalanish va ularni o‘quv jarayoniga maqsadli joriy etish, elektr montaji va payvandlash ishlari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda topshirilgan mablag‘ va jihozlardan maqsadli foydalanish hamda texnikumlar negizida amaliy innovatsion o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Texnikum direktorlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatning Pokistondagi elchixonasiga ko‘rsatilgan beg‘araz amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi