Erkinboy Mamanazarov: O‘zbek tili ko‘plab xorijliklar uchun ham ona tiliga aylanib bormoqda
Oktabr 21, 2026. 14:00 • 2 daq
• 23
SANKT-PЕTЕRBURG, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti O‘zbek madaniyat markazi direktori o‘rinbosari Erkinboy Mamanazarov “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida xalqimizni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi:
— Hurmatli vatandoshlar, aziz do‘stlar!
Avvalo, barcha yurtdoshlarni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
2014-yildan buyon Sankt-Peterburgda yashayman. Universitetda xitoy tilidan dars beraman, o‘zbek tilini o‘rganishni istagan barcha uchun O‘zbek madaniyat markazi qoshida so‘zlashuv klubini yuritaman. Darslarimizda rossiyalik va dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yoshlar ham ishtirok etadi.
Ularning ba’zilari O‘zbekistonga borib, mamlakatimizni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni orzu qilsa, boshqalari o‘zbekistonlik do‘stlari bilan ularning ona tilida muloqot qilishni istaydi.
Tajribamdan ko‘rib turibmanki, so‘nggi yillarda o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada ortib bormoqda. Men o‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun o‘quv qo‘llanmalarini ishlab chiqaman va ularni elektron kitob platformalarida e’lon qilaman. Kitoblarimni sotib olayotgan va ular haqida fikr-mulohazalarini qoldirayotganlar soni yil sayin ko‘payib bormoqda.
O‘quvchilardan olayotgan har bir iliq so‘z va savol o‘zbek tilining xorijda ham o‘z muxlislarini topayotganining yaqqol dalilidir.
Bugungi kunda o‘zbek tili nafaqat biz uchun, balki uni o‘rganayotgan ko‘plab xorijliklar uchun ham ona tiliga aylanib bormoqda. Ona tilimizni dunyoga tanitishga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan mamnunman.
O‘zbek tili bayrami barchangizga muborak bo‘lsin!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi