“Komsomolskaya pravda”: Ulyanovsk viloyati va O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirishni muhokama qildi

Oktabr 18, 2026. 15:00 • 2 daq

• 82
“Komsomolskaya pravda”: Ulyanovsk viloyati va O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirishni muhokama qildi

MOSKVA, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning nufuzli “Komsomolskaya pravda” gazetasida Ulyanovsk viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, 15-oktyabr kuni Ulyanovsk viloyati gubernatori Aleksey Russkix va O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Maqolada so‘nggi bir yil ichida Ulyanovsk viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 barobarga oshgani alohida ta’kidlangan. Mintaqa korxonalari respublikaga mebel, avtokomponentlar, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib bermoqda. O‘zbekistondan esa viloyatga tayyor kiyim-kechak va meva-sabzavotlar kirib kelmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahrida mintaqaning savdo-logistika markazi faoliyat yuritayotgani, o‘zaro onlayn-savdoni rivojlantirish to‘g‘risidagi kelishuv ulyanovsklik ishlab chiqaruvchilarga O‘zbekistonning yetakchi marketpleyslaridan biriga chiqish imkonini bergani qayd etilgan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi “UAZ”, “Avtodom”, “SIMAZ” zavodlari, “Ulyanovsk” maxsus iqtisodiy zonasi hamda stanoksosozlik korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Savdo-sanoat palatasi va Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazida ham muzokaralar tashkil etildi. Iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda madaniy-gumanitar hamkorlikni ham rivojlantirish rejalashtirilgan.

Nashrda ta’kidlanganidek, 2027-yil 1-yanvar kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qilish O‘zbekistonga o‘tadi va ustuvor yo‘nalishlar qatorida savdo-iqtisodiy hamkorlik asosiy o‘rin tutadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish