Polsha biznesi vakillari O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda
Oktabr 17, 2026. 11:45 • 2 daq
• 108
VARShAVA, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning nufuzli “Pb.pl” elektron portalida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, global logistika zanjirlarining o‘zgarishi va geosiyosiy jarayonlar sharoitida O‘zbekiston yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgan hamda xorijiy kapital uchun ochiq bo‘lgan muhim mintaqaviy markaz sifatida Polsha kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, “Rohlig SUUS Logistics” va “APS Energia” kabi yirik polyak korxonalari mamlakatimizda o‘z filiallari va qo‘shma korxonalarini tashkil etib, faoliyatini kengaytirayotgani alohida ta’kidlangan.
Nashrda O‘zbekiston iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda rivojlanayotgani, jumladan, YAIM o‘sishi yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etayotgani, aholi soni 40 millionga yaqinlashib, o‘rtacha yosh 29,3 yoshni tashkil etishi investorlar uchun katta afzallik ekani qayd etilgan. Valyuta kursining liberalizatsiya qilinishi, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-qoidalarining soddalashtirilishi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining rivojlanishi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirmoqda.
Shuningdek, Polsha investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH) hamda PwC ekspertlarining baholashlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, logistika, qayta tiklanuvchi energetika, farmatsevtika va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, Polsha fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz rejim hamda Varshava va Toshkent o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini yana-da faollashtirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, aprel oyida tashkil etilgan Polsha-O‘zbekiston sanoat-savdo palatasi ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga faol ko‘maklashmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi