O‘zbekiston va Ozarbayjon sarmoyalarni jalb etishning yangi markazini shakllantirmoqda

May 18, 2026. 23:00 • 4 daq

11
O‘zbekiston va Ozarbayjon sarmoyalarni jalb etishning yangi markazini shakllantirmoqda

TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon Yevroosiyoning eng jadal rivojlanayotgan investitsiyaviy maydonlaridan birini shakllantirmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Mintaqadagi o‘zaro savdo va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar barqaror o‘sishni namoyon etib, shakllanayotgan sarmoyaviy yo‘lakning rolini mustahkamlamoqda.

Savdo o‘sishi va institutsional asoslar

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, 2025-yilda qo‘shma loyihalar hajmi 2024-yilga nisbatan 20–30 foizga oshgan. Ishlab chiqarish zanjirlarini integratsiyalash va “Made in Central Asia” sanoat xablarini yaratish hisobiga Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning umumiy tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Bu jarayonlarda siyosiy qo‘llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hukumatlararo komissiyalar, ishbilarmonlar kengashlari va muntazam o‘zaro tashriflar uzoq muddatli investitsiya kun tartibini shakllantirib, aniq loyihalarning amalga oshirilishiga ko‘maklashyapti.

Investitsiya oqimlari

O‘zbekiston so‘nggi sakkiz yil ichida qariyb 120 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qildi. 2026-yilda qo‘shimcha ravishda taxminan 50 milliard dollar sarmoya oqimini taʼminlash rejalashtirilgan. Sarmoyalarning asosiy yo‘nalishlari sanoat, qurilish, energetika va qishloq xo‘jaligini o‘z ichiga olib, texnologiyalar transferi va eksport salohiyatiga ega loyihalarga eʼtibor tobora kuchaymoqda.

Shu bilan birga, xalqaro investorlarning mintaqaga qiziqishi ortib bormoqda. Yirik moliya institutlari O‘zbekistonni sarmoya kiritish uchun istiqbolli bozor deb bilayotgan bo‘lsa, Ozarbayjondagi infratuzilma loyihalari ham jorijiy investorlarning diqqat markazida bo‘lib turibdi.

Qo‘shma investitsiya tashabbuslarining o‘rni

Hozirgi vaqtda Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi qo‘shma sarmoyalarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish bo‘yicha asosiy tuzilmalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Kompaniyaning faoliyati O‘zbekiston va Ozarbayjonda sog‘liqni saqlash, logistika, sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, fintex, axborot texnologiyalari, taʼlim hamda energetika sohalarini qamrab oluvchi uzoq muddatli loyihalarni shakllantirish va qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Kompaniya strategiyasi barqaror tarmoqlar hamda yuqori texnologik salohiyatga ega yangi sohalarni uyg‘un rivojlantirishga asoslangan. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga sog‘liqni saqlash, logistika, sanoat, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, moliyaviy texnologiyalar, IT, taʼlim va energetika kiradi. Kompaniyaning so‘nggi investitsiyalariga quyidagilar misol bo‘la oladi:

“Engineering+” bilan hamkorlikda ICE+ immersion sovitish texnologiyasi asosida yangi avlod data-markazlari uskunalarini mahalliylashtirish uchun 1,7 million dollar investitsiya kiritildi. Loyiha mikrodata-markazlar va sunʼiy intellekt vazifalari uchun serverlarni ishlab chiqarishni qamrab oladi. Mahsulotlar ichki bozor bilan birga Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilishga mo‘ljallangan.

Toshkentdagi “American University of Technology” rivoji uchun “Cintana Education” va “Arizona State University” bilan hamkorlikda 2 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Mablag‘lar kampusni modernizatsiya qilish va universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga sarflanadi.

O‘zbekistonning tez rivojlanayotgan chakana savdo tarmoqlaridan biriga 15 million dollar investitsiya kiritildi. Ushbu mablag‘lar tarmoqni kengaytirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish va samaradorlikni oshirishga yo‘naltiriladi.

Hozirgi vaqtda yana 15 ta istiqbolli loyiha ko‘rib chiqilmoqda.

Logistika — investitsiya koridorining asosi

Transkaspiy transport yo‘lagi Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi strategik yo‘nalish hisoblanadi. 2025-yil yanvar-sentyabr oylarida Ozarbayjon orqali yuk tashish hajmi 2,65 million tonnaga yetib, 6 foizga oshdi. Shu davrda Boku porti orqali konteyner tashuvlari hajmi 40 foizga ko‘paydi.

Ushbu koridor tranzit yo‘nalishlarini takomillashtirish, anʼanaviy marshrutlarga qaramlikni kamaytirish va Yevropa Ittifoqi, Xitoy hamda Janubiy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlash imkonini bermoqda. Bu esa mintaqani xalqaro kapital uchun yana-da jozibador qilib, yangi tarmoqlar rivojini rag‘batlantirmoqda.

Rivojlanish istiqbollari

2030-yilgacha O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, “yashil” energetika, sanoat va logistika sohalarida investitsiyaviy portfelning barqaror kengayib borayotgani kuzatilyapti. Transport koridori yuqori eksport salohiyatiga ega texnologik loyihalar uchun strategik platforma sifatida bosqichma-bosqich shakllanmoqda.

Istiqbolli vazifalarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri ikki mamlakat korxonalari va biznes tuzilmalari o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 mlrd dollarlik investitsiya paketini shakllantirishdir. Ushbu paket sanoat, infratuzilma va texnologik rivojlanish sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirishning amaliy mexanizmi, shuningdek, texnologiyalarni jadal joriy etish hamda eksport salohiyatini kengaytirish vositasi sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish