Farg‘ona “Fitch Ratings”ning “BB-” reytingini olib, O‘zbekistonda ikki xalqaro reytingga ega bo‘lgan ilk hududga aylandi
May 08, 2026. 17:00 • 3 daq
• 280
TOSHKENT, 8-may. /“Dunyo” AA/. Kecha “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi Farg‘ona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingi “BB-” darajasida ekanini, holati esa “Barqaror” deb baholanganini rasman eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Fitch Ratings” xalqaro moliya bozorlarida eng nufuzli hisoblangan “Katta uchlik” (“Big Three”) tarkibiga kiruvchi Amerika–Britaniya reyting agentligi bo‘lib, jahon reyting bozorining asosiy qismini nazorat qiladi.
Avvalroq, 2025-yil noyabr oyida “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi Farg‘ona viloyatining kredit reytingini “B+” darajasidan “BB-” darajasigacha oshirgan edi. Shu tariqa, Farg‘ona viloyati hozirgi vaqtda O‘zbekistonda ikki nufuzli xalqaro kredit reytingiga ega bo‘lgan yagona hududga aylandi.
Xalqaro reyting agentliklarining mazkur qarorlari viloyat moliyaviy barqarorligining mustahkamlanayotganini, jumladan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yaxshilanib borayotganini aks ettiradi.
Agentlik xulosasiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining qarz yukini boshqarish ko‘rsatkichlari barqaror darajada saqlanib qolishi kutilmoqda. Xususan, 2030-yilga qadar viloyatning qarzni qoplash koeffitsiyenti xavfsiz diapazonda bo‘lishi prognoz qilingan. Shuningdek, hududning fiskal qarz yuklamasi nisbatan past darajada qolishi, qarzga xizmat ko‘rsatish qobiliyati esa yetarli darajada saqlanishi qayd etilgan.
Shu bilan birga, Farg‘ona viloyati “Fitch Ratings” agentligi tomonidan baholangan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri, Armaniston poytaxti Yerevan hamda Turkiyaning Konya shahri bilan bir xil – “BB-/Barqaror” reytingini olgan. Shuningdek, u Turkiyaning Balikesir shahri reytingi (“B+/Barqaror”)dan bir pog‘ona yuqori baholangani ham eʼtiborga loyiq.
“Fitch Ratings” Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyatiga ham alohida eʼtibor qaratib, hudud mamlakatning eng yirik va iqtisodiy jihatdan faol mintaqalaridan biri ekanini taʼkidlagan. Bugungi kunda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston aholisining qariyb 11 foizini tashkil etadi va qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarishi hamda yengil sanoat sohalarida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Mazkur xalqaro kredit reytingi Farg‘ona viloyatining investitsion jozibadorligini oshirish, xorijiy investorlar ishonchini mustahkamlash hamda kelgusida yirik infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, bu baho hududda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, byudjet boshqaruvi va moliyaviy intizom samaradorligining xalqaro moliya institutlari tomonidan eʼtirof etilganining yorqin ifodasi hisoblanadi.
Tashqi makroiqtisodiy o‘zgarishlarga qaramay, viloyat barqaror iqtisodiy o‘sish surʼatlarini saqlab qolgan holda investitsiyaviy faollikni kengaytirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha izchil rivojlanishda davom etmoqda.
Ekspertlar fikricha, Farg‘ona viloyatiga berilgan “BB-/Barqaror” reytingi hududning o‘rta muddatli moliyaviy barqarorligi saqlanib qolishini anglatadi va viloyatning xalqaro moliya bozorlaridagi nufuzini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Farg‘ona viloyatining reytinglar bo‘yicha konsultanti – “Finvizier Consultancies” kompaniyasi menejeri Yekaterina Kovrigina taʼkidlashicha, u 2022-yildan beri viloyatning reyting jarayonini kuzatib kelayotgan mutaxassis sifatida so‘nggi yillarda Farg‘ona viloyati moliyaviy boshqaruv sifati, investitsiyaviy faollik va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha sezilarli yaxshilanishni namoyon etganini qayd etdi.
“Fitch Ratings” reytingi berilishi va “S&P Global Ratings” tomonidan reytingning oshirilishi viloyatda amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgarishlarni aks ettiradi hamda ularning xalqaro miqyosda eʼtirof etilganini ko‘rsatadi”, – dedi Yekaterina Kovrigina.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi