O‘zbekistonda Yaponiya biznesi ishtirokida qo‘shma sanoat parki tashkil etish masalasi muhokama qilinmoqda

Oktabr 09, 2026. 08:10 • 2 daq

• 20
O‘zbekistonda Yaponiya biznesi ishtirokida qo‘shma sanoat parki tashkil etish masalasi muhokama qilinmoqda

TOKIO, 9-oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning «Sumitomo Corporation» savdo-investitsiya kompaniyasi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Yaponiya tomoniga «Sumitomo Corporation» kompaniyasi departament direktori Yoshikazu Nishikava boshchilik qildi. O‘zbekistonlik diplomatlar mamlakatda energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.

Tomonlar strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va Yaponiya biznesi ishtirokidagi loyihalarni hayotga tatbiq etish muhimligini ta’kidladi. Xususan, yetakchi ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shma sanoat parkini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

«Sumitomo Corporation» tajribasi va salohiyatidan foydalanish Yaponiyadan qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkonini berishi kutilmoqda.

Muzokaralar yakunida tomonlar amaldagi loyihalar bo‘yicha ish jadvalini muvofiqlashtirib oldi va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.

1919-yilda Yaponiyada tashkil etilgan «Sumitomo Corporation» kompaniyasi sanoat, infratuzilma, energetika, transport va shaharsozlik sohalarida faoliyat yuritadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish