O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini jahon bozoriga eksport qilish masalalari muhokama qilindi
Oktabr 08, 2026. 10:30 • 2 daq
• 131
ISLOMOBOD, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Bangladesh va Pokiston to‘qimachilik sanoatida ko‘p yillik tajribaga ega “SB Sourcing” kompaniyasi bosh direktori Mehdi Mahbub bilan onlayn muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro brendlarning global ta’minot zanjirlariga integratsiya qilish, tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish va xorijiy tajribani mahalliy ishlab chiqarishga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Mehdi Mahbub O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati bilan yaqin tanish ekanini ta’kidlab, mamlakatning sifatli xomashyo bazasi, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, qulay geografik joylashuvi va davlat ko‘magi mahsulotlar eksportini oshirish uchun katta imkoniyat yaratishini qayd etdi.
Tomonlar Bangladeshning yirik to‘qimachilik va tikuvchilik kompaniyalarini O‘zbekistonga investitsiya kiritishga jalb etish, xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahalliy kadrlar malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Bangladesh bilan hamkorlikda Samarqand davlat universiteti negizida tashkil etilayotgan “Center of Excellence” markazini takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi. Markazda mahalliy mutaxassislarni ishlab chiqarishni boshqarish, zamonaviy texnologiyalar, sifat nazorati, dizayn, marketing va eksport yo‘nalishlarida tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.
Muzokaralarda bangladeshlik ishbilarmonlarning O‘zbekistonga biznes-missiyalarini tashkil etish hamda Bangladeshdan Pokiston orqali mamlakatimizga qulay aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan takliflarni O‘zbekistonning tegishli vazirlik va tashkilotlari bilan muhokama qilish bo‘yicha amaliy muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi