“Oman Observer”: O‘zbekiston va O‘mon hamkorligi yangi transport yo‘laklari orqali kengaymoqda

Iyun 21, 2026. 14:00 • 2 daq

92
“Oman Observer”: O‘zbekiston va O‘mon hamkorligi yangi transport yo‘laklari orqali kengaymoqda

MASKAT, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘monning “Oman Observer” gazetasida taniqli iqtisodiy tahlilchi Yusuf al-Balushining O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanishicha, bugungi kunda jahon iqtisodiyoti va logistika zanjirlari qayta shakllanayotgan bir davrda O‘mon va O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi yangi multimodal transport yo‘laklarini barpo etishda ustuvor ahamiyat kasb etuvchi muhim tugunlarga aylanmoqda.

Muallif V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida erishilgan kelishuvlarni yuqori baholab, O‘zbekistonning tranzit salohiyati oshishi Yaqin Sharq, xususan, Fors ko‘rfazi davlatlari uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochishini ta’kidlagan.

Yusuf al-Balushi maqolada Ashxobod kelishuvi (O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–O‘mon) doirasidagi transport yo‘lagining strategik ahamiyatiga alohida to‘xtalgan. Qayd etilishicha, ushbu xalqaro yo‘nalish Markaziy Osiyo davlatlariga O‘monning So‘har va Duqm kabi yirik dengiz portlari orqali jahon bozorlariga, Hind okeani va Sharqiy Afrikaga eng qisqa va xavfsiz yo‘l bilan chiqish imkonini beradi.

Iqtisodchi tahlilchi ikki tomonlama munosabatlarning institutsional poydevoriga ham e’tibor qaratgan. Maqolada O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik, xususan, qo‘shma investitsiya kompaniyasi “UzOman” faoliyati yurtimizda qishloq xo‘jaligi, logistika, kimyo sanoati va yuqori texnologiyalar sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishda muhim moliyaviy ko‘prik vazifasini o‘tayotgani e’tirof etilgan.

Xulosa o‘rnida muallif O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy diversifikatsiya islohotlari va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlar xorijiy sarmoyadorlar, jumladan, O‘mon ishbilarmon doiralari uchun kafolatlangan va ishonchli investitsiya muhitini yaratayotganini qayd etgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish