O‘zbekiston–Polsha iqtisodiy hamkorligi tobora kengaymoqda
Iyun 21, 2026. 14:30 • 2 daq
• 1
VARSHAVA, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Kurier Kolejowy” elektron portalida Polsha–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, 10-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Polsha–O‘zbekiston hamkorlik forumi doirasida Polsha–Osiyo savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi o‘rtasida kelishuv imzolangan.
Mazkur hujjat savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga, shuningdek, ikki mamlakat biznes tuzilmalari va davlat idoralari o‘rtasida hamkorlikning barqaror mexanizmlarini yaratishga qaratilgan.
Kelishuvda o‘quv dasturlari, seminarlar va ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazish, shuningdek, sanoat ishlab chiqarishi, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish sohalarida tajriba almashish orqali kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, hujjat qo‘shma tadqiqot va tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish, tadbirkorlar o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha biznes-missiyalar va tadbirlarni tashkil etishni ko‘zda tutadi. Kompaniyalarning yangi eksport bozorlariga chiqishi hamda xalqaro ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etishiga ko‘maklashish alohida yo‘nalish sifatida belgilangan.
Tashabbus doirasida texnologik hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ishlab chiqarish, sifatni boshqarish va innovatsiyalarni joriy etish sohasida nou-xau almashish ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tarmoq birlashmalari, xususan, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, imzolangan memorandum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi