O‘zbekiston Prezidenti raisligida mahalla tizimini raqamlashtirish va ilmiy asosda rivojlantirish choralari muhokama qilindi

Iyun 22, 2026. 18:50 • 4 daq

61
O‘zbekiston Prezidenti raisligida mahalla tizimini raqamlashtirish va ilmiy asosda rivojlantirish choralari muhokama qilindi

TOSHKЕNT, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun mahallalar faoliyatini raqamlashtirish va Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda joriy yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, mahallalar infratuzilmasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada yil yakuniga qadar 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha tushirish maqsad qilingan.

Yil boshida infratuzilma, aholi turmush darajasi, biznes faollik va moliyaviy imkoniyatlari cheklangan 37 ta “og‘ir” tuman hamda 915 ta “og‘ir” mahalla bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yaratilgan edi. Buning uchun barcha zarur mablag‘lar ajratildi.

Xususan, respublika budjetidan “og‘ir” tuman va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun 12 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bunga qo‘shimcha ravishda har bir shunday tumanga 50 milliard so‘mdan, har bir mahallaga 2 milliard so‘mdan mablag‘ berildi. Viloyat hokimliklari tomonidan ham mazkur 37 ta tumanning har biriga 10 milliard so‘mdan, 915 ta mahallaning har biriga esa 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratildi.

Natijada tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar “og‘ir” tuman va mahallalar uchun qo‘shimcha yana 4 trillion so‘m mablag‘iga ega bo‘ldi.

Taqdimotda mahallalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Respublika mahalla jamg‘armasiga yana 200 milliard so‘m ajratilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mahallalar uchun 300 milliard so‘mdan ziyod qo‘shimcha doimiy daromad manbalari yaratilmoqda.

Jumladan, mahalla hududida sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning bir qismi mahalla budjetlariga yo‘naltiriladi. Yer va mol-mulk solig‘idan tushadigan tushumlarning ulushi 10 foizdan 15 foizga oshiriladi. Bo‘sh maydonlarni ijaraga berish va ayrim binolarni sotishdan tushadigan mablag‘lar ham mahallalarning o‘zida qoldiriladi.

Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda ichki yo‘llarni ta’mirlash, piyodalar yo‘lakchalarini tashkil qilish, bolalar va sport maydonchalarini qurish, mahalla bog‘larini barpo etish, ehtiyojmand oilalar bandligini ta’minlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, jinoyat yo‘liga adashib kirib qolgan 245 ming fuqaroni kasb va hunarga o‘qitish, ularni ijtimoiy hayotga qaytarish bo‘yicha alohida ishlar tashkil qilinadi.

Taqdimotda mahallalar faoliyatini raqamlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. “Mahalla yettiligi” tomonidan uyma-uy o‘rganishlar davomida 1 million 365 ming nafar aholining muammolari aniqlangani qayd etildi.

Ushbu muammolarni tezkor hal qilish maqsadida 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari “Raqamli mahalla” platformasiga ulanadi. Platforma orqali mahalladagi dolzarb masalalarni aniqlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish va tegishli yechimlarni tezkor belgilash imkoni yaratiladi.

Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali har bir mahalladagi eng dolzarb muammolarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, banklar bilan birgalikda aholining biznes tashabbuslari va investitsiya loyihalari portfeli shakllantiriladi. Bu mahalladagi mavjud imkoniyatlarni ish o‘rni va daromad manbaiga aylantirishga xizmat qiladi.

Taqdimotda mahalla faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, shu vaqtgacha mamlakatimizda tadqiq etilgan 20 mingga yaqin ilmiy ishning atigi 10 tasida mahallaga aloqador ayrim masalalar o‘rganilgan.

Shu munosabat bilan Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish taklifi bildirildi. Institut faoliyati katta ilmiy salohiyatga ega Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan bog‘liq holda yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi institut mahalla tizimidagi islohotlarni ilmiy tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish, “yettilik” faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Ushbu tizim orqali har yili 21 ming nafar mahalla tizimi va “yettilik” a’zolarining malakasi oshiriladi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari masalasi ham muhokama qilindi. Bugungi kunda 99 ta mahalla o‘z binosiga ega emas, yana 84 tasining binosi shaharsozlik normalariga mos kelmaydi, 4 ta bino esa avariya holatida ekani qayd etildi.

Tadbirkorlar tomonidan mahalla binolarini xususiy sheriklik asosida qurish, binolarning bir qismiga “yettilik”ni bepul joylashtirish, qolgan qismida esa aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladigan kichik sexlar va servis obyektlarini tashkil etish taklif qilindi.

Prezidentimiz mazkur takliflarni qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga “Raqamli mahalla” platformasini to‘liq ishga tushirish, mahallalarning doimiy daromad manbalarini kengaytirish, Mahallani rivojlantirish milliy instituti faoliyatini tashkil etish hamda mahalla binolarini xususiy sheriklik asosida barpo qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish