O‘zbekiston Prezidenti O‘mon iqtisodiyot vazirini qabul qildi
Iyun 18, 2026. 15:56 • 2 daq
• 82
TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan O‘mon iqtisodiyot vaziri Xamis bin Sayf al-Jabriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Prezidentiga O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomini yetkazdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalardagi hamkorlikni jadallashtirish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
So‘nggi yillarda aloqalarimiz faollashgani, tovar ayirboshlash hajmi o‘sgani qayd etildi. O‘zbek–O‘mon investitsiya kompaniyasi ishtirokida muhim loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Keyingi oydan poytaxtlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
Shu yil Masqat shahrida Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Muloqotda transport, logistika, geologiya, elektron tijorat, raqamli infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi