Diplomatlar Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari bilan suhbatlashdi

Oktabr 05, 2026. 11:30 • 3 daq

• 70
Diplomatlar Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari bilan suhbatlashdi

LONDON, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi diplomatlari O‘zbekiston talabalari uyushmasi (Uzbekistan's Students Union, UzSU)ning yangi rahbariyati hamda London, Birmingem, Manchester, Lids va boshqa shaharlardagi universitetlarda tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan suhbatlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida uyushmaning yangi rahbariyati o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan reja va tashabbuslari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda UzSU a’zolari soni qariyb 600 nafarga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘zbek talaba-yoshlarida birlashish, o‘zaro hamjihatlik hamda ta’lim, madaniy va ijtimoiy tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Muloqot chog‘ida uyushma faoliyatini yanada rivojlantirish, uning Buyuk Britaniyadagi talabalar, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Elchixona uyushma tomonidan o‘zbek talaba-yoshlarini birlashtirish, ularning ta’limiy va kasbiy salohiyatini yuksaltirish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kelgusida ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Yosh avlod ongida buzg‘unchi mafkuralar va zararli axborot ta’sirlariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish zarurligi alohida muhokama qilindi. Bu borada talabalar uchun ilm-fan, ta’lim, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va mas’uliyatga asoslangan ijobiy va bunyodkor muhit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yoshlarni umumiy qadriyatlar, Vatanga daxldorlik tuyg‘usi, milliy tarix va madaniyatga hurmat, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagi atrofida yanada jipslashtirish zarurligi qayd etildi.

Ushbu yo‘nalishda yoshlar bilan doimiy muloqot olib borish alohida o‘rin tutadi. Elchixona o‘zbekistonlik talabalarga nafaqat xorijda ta’lim olayotgan yosh avlod vakillari, balki O‘zbekiston taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan bilim, xalqaro tajriba va kasbiy ko‘nikmalarga ega muhim inson kapitali sifatida qaraydi.

Shu munosabat bilan tomonlar muntazam muloqotni davom ettirish hamda talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish, Buyuk Britaniyadagi o‘zbek yoshlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldi.

Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bundan buyon ham yoshlar bilan ishlash, talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda xorijdagi vatandoshlarning mamlakat ravnaqi yo‘lida o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratadi.

UzSU 2024-yil 2-mart kuni O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi huzurida tashkil etilgan. Tashkil topgan ilk kunlaridanoq uyushma o‘zbekistonlik talabalarni birlashtirish, ularning manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish, akademik, kasbiy va madaniy almashinuvlar uchun imkoniyatlar yaratish hamda Vatan bilan aloqalarni mustahkamlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Uyushmaning avvalgi rahbariyati Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridagi tahsilni muvaffaqiyatli yakunlab, respublika taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shish maqsadida O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish