O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreyada robototexnika bo‘yicha xalqaro musobaqada g‘olib bo‘lgan yurtdoshlarimizni taqdirladi
Oktabr 13, 2026. 18:00 • 2 daq
• 87INCHXON, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida bo‘lib o‘tgan “FIRST Global Challenge” xalqaro turniridagi g‘alaba uchun robototexnika bo‘yicha mamlakat terma jamoasi a’zolari hamda ularning murabbiylarini “Sodiq xizmatlari uchun” va “Kelajak bunyodkori” medallari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Farmonda ishtirokchilarning mamlakat xalqaro nufuzini oshirish, yoshlar o‘rtasida ilm-fan, ilg‘or texnologiyalar, ixtirochilik va innovatsiyalarni ommalashtirish, vatanparvarlik va milliy g‘ururni tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi qayd etilgan.
“FIRST Global Challenge” – yoshlar o‘rtasida muhandislik ko‘nikmalari, dasturlash, ilmiy fikrlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan har yili o‘tkaziladigan xalqaro muhandislik olimpiadasi sanaladi. Mazkur musobaqada 190 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etdi.
Bu yilgi turnir mavzusi o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar yong‘inlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish va tabiiy ekotizimlarni qayta tiklash bilan bog‘liq vazifalarni bajarish uchun robotlarni loyihalashtirdi va dasturladi.
Turnirning rasmiy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoy va Meksika jamoalarini ortda qoldirib, umumiy samaradorlik reytingida birinchi o‘rinni egalladi hamda eng ko‘p ochko to‘plagani uchun “FIRST Global Grand Challenge Award” oltin mukofotini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston terma jamoasi 637 ball to‘plab, turnir rekordini o‘rnatdi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, jamoa barcha 16 bahsda g‘alaba qozongan.
O‘zbekiston jamoasi Venesuela, Salvador va Moldova vakillari bilan birga g‘olib chiqqan xalqaro alyans tarkibiga kirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



