Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga!
Oktabr 09, 2026. 10:30 • 2 daq
• 119
AR-RIYOZ, 9-oktabr. / “Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi vatandoshlarni aviaqatnovlar jadvalidagi ehtimoliy o‘zgarishlarni hisobga olishga hamda ehtiyotkorlik choralari, tinchlik va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Hurmatli fuqarolar!
Mintaqada saqlanib qolayotgan keskinlik hamda havo qatnovlari faoliyatida davriy ravishda yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, xorijiy davlatlarga safarlarni rejalashtirishda aviareyslar jadvali, parvoz yo‘nalishlari va tranzit qoidalariga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni hisobga olishingizni so‘raymiz.
Saudiya Arabistoni hududida ichki vaziyat barqarorligicha qolmoqda, jamoat xavfsizligiga tahdidlar yoki maxsus cheklov choralari qayd etilmagan.
Shu bilan birga, umumiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, parvozlar logistikasi, tranzit yo‘nalishlari va kutish vaqtlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar safar shartlari va uning davomiyligiga ta’sir ko‘rsatishi, jumladan, parvozlarning kechikishi, majburiy ravishda boshqa reysga o‘tkazilishi yoki parvoz yo‘nalishining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin.
Saudiya Arabistoni va Yaman o‘rtasidagi chegara hududlariga yaqinlashmaslik, xavfsizlik masalalari bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlarining ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilish, harbiy obyektlar, turli hodisalar oqibatlarini tasvirga olmaslik, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik, rasmiy axborot manbalaridan foydalanish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo o‘zingiz bilan olib yurish tavsiya etiladi.
Zarur hollarda, O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalari bilan bog‘lanishingizni so‘raymiz:
O‘zbekistonning Ar-Riyozdagi elchixonasi
Telefon: +966 11 263 52 23, konsul: Shuxrat Ibragimov
+966 56 721 77 31 (Telegram / WhatsApp)
O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi
Telefon: +966 12 607 72 50, konsul: Azimjon Kobiljonov
+966 59 439 08 50 (Telegram / WhatsApp).
Barchani ehtiyotkorlikka rioya qilish hamda tinchlik va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiramiz”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi