O‘zbekiston Prezidenti Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqdi

May 13, 2026. 20:49 • 3 daq

68
O‘zbekiston Prezidenti Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 13-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini taʼminlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, poytaxt aholisi va mehmonlari soni ortib borayotgani, shahar kengayishi va jamoat transportiga talab oshishi metropolitenni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda 2030-yilgacha metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5-3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Metropoliten infratuzilmasini yaxshilash va moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ham qator choralar belgilanmoqda. Jumladan, 2026-2028-yillarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi obyektlari texnik bazasini takomillashtirish choralari ko‘riladi.

Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80-90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular qo‘shimcha reklama maydonlarini yaratish orqali daromadlarni oshirishga ham xizmat qiladi.

Yana bir muhim yo‘nalish – yangi liniyalar qurilishi. Xususan, “Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” metropoliten liniyasi bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda “Mingo‘rik – Janubiy vokzal” yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa “Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Metropolitenda qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Vagon va platformalarda raqamli reklama maydonlarini auksion orqali xususiy sektorga ijaraga berish, metro bekatlarida vending apparatlari, kichik savdo obyektlarini joylashtirish, stansiyalar oldida avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bo‘sh turgan bino va xonalarni kovorking va kichik ofis sifatida tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga berish taklif etildi.

Avtotransportdan metro tizimiga qulay o‘tishni taʼminlash maqsadida “Park&Ride” tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.

Taqdimotda harakat tarkiblarini yangilash va elektrodepo qurish masalalari ham muhokama qilindi. 2027-2030-yillarda metropoliten uchun talab etiladigan harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shu munosabat bilan yangi harakat tarkiblari uchun elektrodepo qurishga zarur yer maydoni ajratiladi.

Shuningdek, 2027-2035-yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilanmoqda. Unda metropoliten tarmoqlarini ikki barobarga kengaytirish, yo‘lovchi tashish hajmini 2,5 barobarga oshirish, ekologik barqaror, energiya tejamkor va xavfsiz transport tizimini yaratish, servis sifati va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish vazifalari qamrab olinadi.

Yo‘l kira haqini to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham takliflar bildirildi. Xorijiy tajriba asosida masofaga qarab to‘lash, aholi toifalari uchun imtiyozlar, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Prezidentimiz jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten yirik shahar hayotida eng muhim infratuzilmalardan biri ekanini taʼkidladi. Shu bois, xizmat sifati, xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik va zamonaviy boshqaruvni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Taqdim etilgan takliflarni maʼqullanib, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish