O‘zbekiston Prezidenti Braziliya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

May 12, 2026. 20:42 • 2 daq

61
O‘zbekiston Prezidenti Braziliya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

TOSHKENT, 12-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyrani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Braziliya munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Oliy darajada tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, siyosiy va parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika va sanoatning boshqa tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Qishloq xo‘jaligi, seleksiya, turizm, sport va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari kun tartibida bo‘ldi.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Hukumatlararo komissiya tuzish taklif etildi.

Tomonlar xalqaro darajadagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish