O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzishi to‘g‘risidagi bitimni imzoladi
Oktabr 08, 2026. 16:15 • 2 daq
• 77
TOSHKЕNT, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni Turkmaniston mustaqilligining 35 yilligi hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi samarali raisligi bilan tabrikladi.
O‘zbekiston–Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, “Shovot – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
O‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda Kooperatsiya dasturini qabul qilish va uni ikki mamlakat hududlari darajasida ham amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Mazkur hujjat siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam institutsional asos yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi