O‘zbekiston va Sietl o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Oktabr 08, 2026. 17:00 • 3 daq
• 36
SIETL, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov Sietl shahar hokimligining Iqtisodiy rivojlanish departamenti (OED) direktori Beto Yarse bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Sietl o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda professional tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Sietl mintaqasi AQShning texnologiyalar, innovatsiyalar, aerokosmik sanoat va xalqaro savdo sohalaridagi muhim iqtisodiy markazlaridan biridir. “Amazon”, “Microsoft”, “Boeing”, “Costco” va “Starbucks” kabi yirik kompaniyalar faoliyati mintaqaning global iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlamoqda.
“Oxford Economics” bahosiga ko‘ra, Sietl aglomeratsiyasining 2025-yildagi yalpi ichki mahsuloti 632 milliard AQSh dollari, aholi jon boshiga hisoblangan ko‘rsatkich esa 152 ming dollarni tashkil etgan.
“Oxford Economics” tomonidan e’lon qilingan “Global Cities Index 2026” reytingida Sietl dunyoning 1 000 shahri orasida Nyu-York, London va Parijdan keyin 4-o‘rinni egalladi. Shaharlarni iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, atrof-muhit va boshqaruv mezonlari bo‘yicha baholovchi ushbu reyting Sietlning xalqaro miqyosdagi salohiyatini ko‘rsatadi.
Uchrashuvda Beto Yarse Sietl iqtisodiyotida yirik korporatsiyalar bilan bir qatorda, o‘rta hajmdagi va jadal rivojlanayotgan kompaniyalar ham muhim o‘rin tutishini qayd etdi. O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar, sun’iy intellekt, sog‘liqni saqlash, toza energetika, aerokosmik sanoat va logistika sohalaridagi kompaniyalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Sietlda O‘zbekiston–Sietl biznes forumini tashkil etish taklifiga alohida e’tibor qaratildi. Forum doirasida mamlakatimizning investitsiyaviy va eksport salohiyatini taqdim etish, ikki tomon tadbirkorlari o‘rtasida B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazish hamda aniq savdo va investitsiya loyihalarini muhokama qilish nazarda tutilmoqda. OED tomonidan tegishli kompaniyalarni forumga jalb etishda ko‘maklashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimining Sietlga rejalashtirilayotgan tashrifiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Tashrif davomida OED, “Greater Seattle Partners”, shahar idoralari va biznes vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etish taklif etildi.
Toshkent va Sietl o‘rtasida iqtisodiy rivojlanish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, startap ekotizimini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, transport, shahar infratuzilmasi va raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston kompaniyalari va startaplarini Sietlning innovatsion muhitiga olib kirish, ularni mahalliy akseleratorlar, inkubatorlar va investorlar bilan bog‘lashga ham e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Toshkent–Sietl tadbirkorlik tajriba almashinuvi dasturini ishlab chiqish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Muloqotda logistika va yuk tashish aloqalarini rivojlantirish, jumladan, havo orqali yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlarni ikki yo‘nalishda yetkazib berish hamda aviakompaniyalar va logistika operatorlari bilan hamkorlik o‘rnatish yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi