Bugun Turkiyada BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP31 konferensiyasi o‘z ishini boshlaydi
Noyabr 09, 2026. 10:00 • 2 daq
• 27
TOSHKЕNT, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Turkiyaning Antaliya shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi (COP31) o‘z ishini boshlaydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligining ma’lum qilishicha, konferensiyada ishtirok etishini 102 ta mamlakat yetakchisi va 300 nafardan ortiq vazir tasdiqlagan. Tadbirda 196 ta davlat va Yevropa Ittifoqi vakillari qatnashadi.
11–12-noyabr kunlari Moviy hududda (Blue Zone) Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida yetakchilar sammiti bo‘lib o‘tadi. Turkiyaning COP31 konferensiyasidagi raisligini atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum amalga oshiradi.
Konferensiya kun tartibiga toza energetikaga o‘tish, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlimga chidamli shaharlar, yashil sanoatlashtirish, chiqindilarni kamaytirish, okean va dengizlarni muhofaza qilish, barqaror sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish kabi masalalar kiritilgan.
Turkiya iqlim bo‘yicha majburiyatlarni aniq amaliy yechimlarga aylantirishga qaratilgan “Amaliy harakatlar COP” konsepsiyasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Konferensiya Moviy va Yashil hududlarga bo‘lingan, umumiy maydoni 1,1 million kvadrat metrni tashkil etuvchi hududda o‘tkaziladi. Birinchi hududda davlat delegatsiyalari va xalqaro tashkilotlar ishtirokida rasmiy muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Ikkinchi hududda esa xususiy sektor, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda yoshlar vakillari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish borasidagi loyiha va yechimlarini taqdim etadi.
Yashil hududga 1,5 million, Moviy hududga esa qariyb 100 ming kishi tashrif buyurishi kutilmoqda. COP31 tadbirlarida qatnashish uchun 154 ta mamlakatdan 45 mingdan ziyod iqlim ko‘ngillilari akkreditatsiyadan o‘tgan.
“Anadolu” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi