Iordaniya OAV: Toshkent xalqaro investitsiya forumi 43,1 milliard dollarlik shartnomalar imzolanishi bilan yakunlandi
Iyun 22, 2026. 16:30 • 2 daq
• 89
AMMAN, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. Toshkentda hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, sarmoyadorlar va dunyoning yirik kompaniyalari vakillarini jamlagan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini yakunladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Iordaniyaning “Petra” axborot agentligi ma’lumotiga tayanib.
Forum yakunida umumiy qiymati 43,1 milliard AQSH dollariga teng 166 ta investitsiya shartnomasi imzolandi, shuningdek, qiymati 31,8 milliard dollarlik 139 ta yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tadbirda 10 ming 409 kishi, jumladan, 102 mamlakatdan 3 ming 802 nafar xorijiy delegat qatnashdi. Anjuman dasturi doirasida jami 79 ta tadbir, jumladan, AQSH, Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni va BAA vakillari ishtirokida munozara sessiyalari, investitsiya imkoniyatlari taqdimotlari hamda ikki tomonlama biznes-forumlar o‘tkazildi.
Tashkilotchilar anjumanga xalqaro miqyosda qiziqish yuqori bo‘lganini, uni 41 mamlakatdan 200 dan ortiq ommaviy axborot vositalari vakili yoritganini qayd etdi.
Ishtirokchilar forum natijalari O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligi ortib borayotganidan hamda mamlakatning Markaziy Osiyodagi asosiy savdo va investitsiya markazlaridan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi