AQSh oraliq saylovlar arafasida Eron oroliga zarba berdi

Noyabr 03, 2026. 16:30 • 2 daq

• 97
AQSh oraliq saylovlar arafasida Eron oroliga zarba berdi

VASHINGTON, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. AQSh Prezidenti Donald Trampning Tehron bilan mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish mumkinligi haqidagi bayonotlari fonida Eronning Hurmuz bo‘g‘ozidagi Qeshm oroliga cheklangan zarbalar berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“The Wall Street Journal” nashrining ma’lum qilishicha, operatsiya mudofaa xarakteriga ega bo‘lib, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) tomonidan Amerika havo kemasining o‘qqa tutilishiga javob bo‘lgan. Qayd etilishicha, zarbalar mintaqadagi Amerika obyektlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, keng ko‘lamli harbiy operatsiyaning boshlanishi hisoblanmaydi.

Eronning “IRNA” agentligi orolda bir nechta portlash sodir bo‘lgani haqida xabar berdi. Portlashlar qo‘shni Hengam oroli va Bandar-Abbos port shahrida ham eshitilgan. Shu bilan birga, IIQK Qeshm oroli ustida Amerikaning ikkita razvedka droni yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Mazkur holatlar Amerika operatsiyasi bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi, hozircha aniqlashtirilmagan.

Zarbalar AQSh Kongressiga oraliq saylovlar arafasida, ovoz berishdan so‘ng Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya qayta boshlanishi mumkinligi haqidagi taxminlar fonida berildi.

Donald Tramp bir kun avval Vashington vaziyatni keskinlashtirishga shoshilmayotganini ma’lum qildi. U “Axios” nashriga bergan intervyusida AQSh Eronga jiddiy iqtisodiy zarar yetkazganini ta’kidlab, Tehronning kelishuvdan manfaatdor ekaniga ishonch bildirdi.

“Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Amerika prezidenti Eronning yadro dasturi bilan bog‘lanayotgan “Pikeks-Mauntin” yer osti obyektiga zarba berish ehtimolini ham istisno etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday operatsiya taxminan bir soat vaqt olishi mumkin.

Shu bilan birga, diplomatik aloqalar davom etmoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi vositachilar orqali AQSh bilan qizg‘in muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens ham muzokaralarda siljish borligini bildirib, tomonlar mojaroga barham berish yo‘llarini izlashda muayyan natijalarga erishganini ta’kidladi.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish