Samarqand iste’dodlar va inson kapitali bo‘yicha xalqaro muloqot maydoniga aylandi

Noyabr 03, 2026. 18:00 • 4 daq

• 34
Samarqand iste’dodlar va inson kapitali bo‘yicha xalqaro muloqot maydoniga aylandi

SAMARQAND, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. 29–30-oktabr kunlari Samarqand shahrida “O‘zgarayotgan dunyoda inson kapitalini shakllantirish” mavzusida “Global Talent Forum” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan forumda AQSh, Turkiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Qozog‘iston, Malayziya, Singapur, Germaniya, Yaponiya, Ozarbayjon kabi 15 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan 100 ga yaqin ekspert, xalqaro tashkilotlar, davlat tuzilmalari, ta’lim muassasalari va stipendiya dasturlari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi xalqaro ta’lim, ilmiy aloqalar va kasbiy tajribani iqtisodiyot hamda jamiyat uchun aniq natijalarga qanday aylantirishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish sohasiga alohida e’tibor qaratayotgan “Uzbekistan's Club” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti strategik hamkor sifatida forumni o‘tkazishga o‘z hissasini qo‘shdi.

O‘zbekiston Milliy banki bosh hamkor bo‘ldi. Shu bilan birga, MKBANK, “Xalq banki” ATB, “Agrobank” ATB, “Uzbekistan Airways” AJ hamda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti ham forum hamkorlari qatoridan joy oldi.

Samarqand uchrashuvi texnologik o‘zgarishlar mamlakatlarni kadrlar tayyorlashga bo‘lgan yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqishga undayotgan bir davrda o‘tkazildi. Sun’iy intellekt, raqamlashtirish va energetik o‘tish mehnat mazmunini hamda mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni o‘zgartirmoqda.

Jahon iqtisodiy forumining “Future of Jobs Report 2025” hisobotiga ko‘ra, 2030-yilga borib, bugungi kunda qo‘llanilayotgan kasbiy ko‘nikmalarning o‘rtacha 39 foizi o‘zgarishi yoki eskirishi mumkin. Texnologik kompetensiyalar bilan bir qatorda tahliliy fikrlash, moslashuvchanlik va umr bo‘yi ta’lim olish qobiliyatining ahamiyati ham ortib bormoqda.

O‘zbekiston uchun ushbu xalqaro kun tartibi Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlari bilan bevosita bog‘liq. Ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, uning sifatini oshirish, ilm-fan aloqalarini mustahkamlash va yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni rivojlantirish vazifalari bilan uyg‘unlikda olib borilmoqda.

Xususan, so‘nggi sakkiz yil ichida oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 44 foizga oshdi. Keyingi bosqich mutaxassislarni tayyorlash jarayonini iqtisodiyot ehtiyojlari va bandlik istiqbollari bilan yanada yaqinroq bog‘lashni taqozo etadi.

Joriy yilning oktyabr oyida Prezident ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik, o‘quv dasturlarining mehnat bozori talablariga mosligi va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.

Shu nuqtayi nazardan, xalqaro ta’lim hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi: u o‘quv mazmunini yangilash, ilmiy-tadqiqot muhitini rivojlantirish va mamlakat ichidagi yangilanishlar uchun mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi.

Amaliy vazifa – ta’limga kiritilayotgan investitsiyalarni milliy ustuvor yo‘nalishlar bilan bog‘lashdan iborat. Yangi ishlab chiqarish quvvatlariga muhandis va texnologlar, raqamli iqtisodiyotga ma’lumotlar bilan ishlash va kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar, qishloq xo‘jaligiga esa suvni tejash va biotexnologiyalar sohasidagi zamonaviy yechimlar zarur.

Sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvida ham mahalliy sharoitlarni inobatga olgan holda xalqaro tajribani joriy eta oladigan mutaxassislar kerak.

Iste’dodlarning global mobilligi haqidagi munozara aynan shu bog‘liqlikka bag‘ishlandi. Ishtirokchilar xorijiy ta’lim kasbiy o‘sishga qanday xizmat qilishi va bitiruvchilarga vatanga qaytgach, olgan bilimlarini amalda qo‘llashlari uchun qanday sharoitlar zarurligini muhokama qildilar. Bunda ish beruvchilar bilan hamkorlik, ilmiy-tadqiqot loyihalarida ishtirok etish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari alohida ahamiyatga ega.

Alohida panel sessiyasida stipendiyalar mamlakat raqobatbardoshligiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli sarmoya sifatida ko‘rib chiqildi. Muhokama markazidan kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarini tanlash, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash samaradorligi va ta’lim dasturlarining milliy taraqqiyotga qo‘shadigan hissasi o‘rin oldi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi uchun bu masalalar aniq mazmunga ega. Xususan, 2025–2026-yillarda o‘tkazilgan uchta ochiq tanlov yakunlariga ko‘ra, 500 nafarga yaqin yoshlar O‘zbekiston Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sohibiga aylandi.

Bunda g‘oliblarning 80 foizi dunyoning yetakchi yuztalik (Top-100) universitetlariga o‘qishga qabul qilingan. Keyingi vazifa – ularning tayyorgarligi mamlakatga barqaror naf keltiradigan shart-sharoitlarni yaratishdir.

Dasturda IHTT, Turkiya Oliy ta’lim kengashi, Xalqaro ta’lim instituti (IIE), “Bolashaq” dasturi, DAAD (Germaniya), British Council, JICA va EducationUSA vakillari ishtirok etdi. Ularning qatnashishi kadrlar tayyorlash, ta’limni moliyalashtirish va xalqaro akademik hamkorlikning turli modellarini o‘zaro taqqoslash imkonini berdi.

Shuningdek, dasturdan inson kapitalini rivojlantirishda moliya institutlarining roliga bag‘ishlangan maxsus sessiya, kelgusi o‘n yillik uchun hamkorlik muhokamasi va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin oldi.

30 oktyabr kuni jamg‘arma bitiruvchilarining an’anaviy uchrashuvlaridan biri – “Samarkand Tea Time” bo‘lib o‘tdi. U xalqaro munozarani stipendiatlarning shaxsiy tajribasi, kasbiy faoliyat hikoyalari, aloqalari va tashabbuslari bilan boyitdi.

Dasturdan ish beruvchilar hamda banklar, vazirlik va idoralarning HR-xizmatlari (kadrlar bilan ishlash xizmatlari) vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot ham o‘rin oldi. Unda ishtirokchilar tashkilotlarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji, talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalar, ishga joylashish, kasbiy o‘sish hamda istiqbolli loyihalarda qatnashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Tarixan madaniyatlar va ilmiy an’analarni birlashtirib kelgan Samarqand bilim sifati va uni amalda qo‘llay olish qobiliyati mamlakatning rivojlanish imkoniyatlarini belgilab beradigan kelajak haqidagi muloqot maydoniga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish