Toshkentda “Plastex Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Sentabr 22, 2026. 13:00 • 2 daq
• 47TOSHKЕNT, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Plastmassa sanoati – Plastex Uzbekistan 2026” 16-xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rgazmada Avstriya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Xitoy, Latviya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va O‘zbekiston kabi 11 mamlakatdan 250 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda.
Tadbir “O‘zkimyosanoat” AJ rasmiy ko‘magida “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan tashkil etilmoqda.
Ko‘rgazma uskunalar ishlab chiqaruvchilar, xomashyo yetkazib beruvchilar, qayta ishlovchilar, muhandislar va polimer sanoati korxonalari rahbarlarini birlashtirmoqda.
Ishtirokchilar plastmassa ishlab chiqarish va qayta ishlash uchun zamonaviy yechimlar, polimer xomashyosi va maxsus qo‘shimchalar, press-qoliplar, yordamchi uskunalar, shuningdek, qadoqlash va qayta ishlash sanoati uchun texnologiyalarni taqdim etayapti.
Ko‘rgazmaning amaliy yo‘nalishi tashrif buyuruvchilarga uskunalarning ishlashi bilan tanishish, mutaxassislardan maslahatlar olish va bevosita ishlab chiqaruvchilar hamda yetkazib beruvchilar bilan texnologik hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkonini beradi.
2026-yilda “Plastex Uzbekistan” matbaa, qadoqlash, plastmassa va polimerlar yo‘nalishlarini birlashtirgan “4P Central Asia” ko‘rgazmasi bilan birgalikda o‘tkazilmoqda. Bunday format o‘zaro bog‘liq tarmoqlardagi korxonalar o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va kompleks ishlab chiqarish yechimlarini izlash uchun sharoit yaratadi.
Ko‘rgazmaning o‘tkazilishi xalqaro sanoat hamkorligini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Xorijiy kompaniyalar uchun tadbir mintaqaviy bozor ehtiyojlarini o‘rganish va potensial biznes hamkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun platforma hisoblanadi.
Ko‘rgazma 24-sentabrga qadar davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


