“Travel Tomorrow”: O‘zbekiston va Hindiston turizm sohasida hamkorlik dasturini imzoladi va 30 kunlik vizasiz rejim eʼlon qildi
Sentabr 09, 2026. 17:30 • 2 daq
• 1
BRYUSSEL, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning ixtisoslashgan “Travel Tomorrow” nashrida O‘zbekiston-Hindiston turizm sohasidagi sherikligiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda maʼlum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modining Toshkentdagi muzokaralari yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi. Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimning joriy etilishi asosiy qarorlardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasida haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda, “NPCI International Payments Limited” va O‘zbekiston Milliy banklararo protsessing markazi o‘rtasidagi bitim esa hindistonlik sayyohlarga UPI to‘lov tizimidan foydalanish imkonini beradi.
Nashrda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining statistik maʼlumotlari ham keltirilgan. 2026-yilning birinchi yarmida mamlakatga 6,5 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, ulardan 26 450 nafarini Hindiston fuqarolari tashkil etgan. Qo‘shma madaniyat haftaliklari, kinofestivallar va yangi sayyohlik yo‘nalishlari Hindistondan turistlar oqimini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlanadi.
Qayd etilishicha, ushbu bitim 2030-yilga borib o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadida munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishning bir qismi bo‘ldi. Ushbu tashabbus O‘zbekistonning 2030-yilgacha 20 million sayyohni jalb qilish, sohaning YIMdagi ulushini 3,5 foizdan 7 foizga oshirish hamda turizm xizmatlari eksportini 6 milliard dollarga yetkazish strategiyasiga to‘liq hamohangdir.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan rasm
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi