O‘zbekiston va BAAning chiqindilarni boshqarish sohasidagi yetakchi xoldingi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

Avgust 20, 2026. 17:00 • 2 daq

11
O‘zbekiston va BAAning chiqindilarni boshqarish sohasidagi yetakchi xoldingi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

ABU-DABI, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev BAAning chiqindilarni boshqarish sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri — “BEEAH Group” bosh direktori Xolid al-Huraymel bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida chiqindilarni yig‘ish, saralash va qayta ishlash, ulardan samarali foydalanish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda chiqindilardan energiya ishlab chiqarish sohalaridagi amirlikning ilg‘or tajribasi atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda “BEEAH Group” tomonidan O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga katta qiziqish bildirildi.

Xususan, chiqindilarni qayta ishlash orqali sanoat uchun ikkilamchi xom ashyo bazasini yaratish, “Smart Waste Collection” — chiqindilarni yig‘ish va harakatini raqamli monitoring qilish tizimlarini joriy etish hamda “Waste-to-Energy” texnologiyalari asosida chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish taklif etildi.

“BEEAH Group” mazkur yo‘nalishlarda boy amaliy tajribaga ega. Kompaniya Sharjada chiqindilarni energiyaga aylantirish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirib, qayta ishlash imkoni bo‘lmagan chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil davom ettirish va O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini batafsil o‘rganishga kelishib oldilar.

Jumladan, yaqin vaqtda “BEEAH Group” tomonidan hamkorlikning ehtimoliy modeli bo‘yicha takliflar taqdim etilishi, avgust oyi yakuniga qadar tegishli tashkilotlar ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazilishi hamda sentyabr oyining ikkinchi yarmida kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish va qayta ishlash tizimini modernizatsiya qilish, ikkilamchi xom ashyodan foydalanishni kengaytirish hamda zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.

“BEEAH Group” 2007-yilda Sharja amirligida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda chiqindilarni boshqarish va qayta ishlashdan tashqari, “yashil” texnologiyalar, toza energetika, raqamlashtirish, yashil transport va barqaror shaharsozlik yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi ko‘p tarmoqli ekologik xolding hisoblanadi. Kompaniya BAAdan tashqari Saudiya Arabistoni, Misr va boshqa mamlakatlarda ham yirik ekologik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish