Serbiyada O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar o‘tkaziladi
Avgust 20, 2026. 14:30 • 2 daq
• 60
BELGRAD, 20-avgust. / “Dunyo” AA/. Serbiyada O‘zbekiston davlat Mustaqilligining 35 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy sanʼati va zamonaviy yutuqlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan turkum madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Serbiyadagi elchixonasi (qarorgohi Budapesht shahrida) ko‘magida O‘zbekiston va Serbiya madaniyat vazirliklari vakillari o‘rtasida onlayn-muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston madaniyat vazirligi vakillari, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri direktori Alibek Kabdurahmonov, Serbiya madaniyat vaziri o‘rinbosari Stanko Blagoyevich hamda Serbiya Milliy teatri direktori Dragolyub Baich ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da rivojlantirish, ikki mamlakatning yetakchi madaniyat muassasalari o‘rtasida kasbiy aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma ijodiy loyihalarni amalga oshirishning amaliy masalalarini muhokama qildilar.
Kelgusida tomonlar ijodiy jamoalar almashinuvi, Madaniyat kunlarini o‘tkazish, teatr va musiqa sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma kinematografik va hujjatli loyihalarni amalga oshirish kabi tashabbuslarni izchil davom ettirish istagini bildirdilar.
Madaniy muloqot O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, bo‘lajak tadbirlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, do‘stlik va yaqinlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi