O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida sayyohlar oqimini kengaytirish masalasi muhokama qilindi
Noyabr 25, 2026. 18:30 • 2 daq
• 49
O‘Sh, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Qirg‘izistonning janubiy hududlarida faoliyat yuritayotgan sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlar vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bosh konsul Zafarbek Ahmedov O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, tarixiy shaharlari, ziyoratgohlari, milliy an’analari, gastronomik va ekologik turizm imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ishtirokchilar Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va Shahrisabzning sayyohlik imkoniyatlari, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Bahouddin Naqshband, Abu Mansur Moturidiy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom al-Buxoriy majmualari bilan tanishtirildi.
Qirg‘iziston vakillari uchun turizm sohasidagi islohotlar, 25–27-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va investitsiya forumi taqdimoti namoyish qilindi.
Uchrashuvda Qirg‘izistonning Issiqko‘l, So‘nko‘l, Bishkek, O‘sh va boshqa hududlari imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda qo‘shma marshrutlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Xizmatlar narxi va sifati, transport-logistika imkoniyatlari hamda guruhlarni shakllantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslar bildirildi. Jumladan, O‘zbekistonda tog‘ va tog‘oldi hududlari (Issiqko‘l, So‘nko‘l, Arslonbob, Chotqol) uchun ishlab chiqarilayotgan turistik kapsula-uylarni Qirg‘iziston bozoriga olib kirish taklifi ilgari surildi.
O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bilan transport aloqasini yaxshilash, xususan, Urganch–Farg‘ona to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnovlarini tiklash va tezyurar poyezdlar yo‘nalishlarini kengaytirish, Toshkent–O‘sh–Toshkent reyslari sonini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, Boymoq–Kosonsoy o‘tkazish punktining tun-u kun ishlashini ta’minlash hamda uchinchi davlatlar fuqarolarining Qora-Bag‘ish–Mingtepa punkti orqali chegarani kesib o‘tish imkoniyatlarini kengaytirish taklif etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi