Yaponiyalik maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekistonga ta’lim sayohatlari tashkil etiladi

Noyabr 21, 2026. 15:30 • 2 daq

• 150
Yaponiyalik maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekistonga ta’lim sayohatlari tashkil etiladi

TOKIO, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Yaponiyaning yirik sayyohlik kompaniyalaridan biri - “Tobu Top Tours Co., Ltd.” vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda Yaponiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, yangi turpaketlar ishlab chiqish hamda yaponiyalik maktab o‘quvchilari uchun ta’lim sayohatlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiyada xorijga ta’lim sayohatlarini uyushtirish maktab ta’limining muhim qismi hisoblanadi. Yaponiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 o‘quv yilida 709 ta maktabning 70 ming nafar o‘quvchisi 29 ta davlatga safar qilgan. Ishtirokchilar 2025-yil mart oyida Osaka shahridagi “Seikyo Gakuen” maktabining 50 ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilari O‘zbekistonga tashrif buyurib, Toshkent va Samarqandning tarixiy obidalari, madaniyati hamda an’analari bilan tanishgani bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribani alohida qayd etdilar.

Kompaniya vakillari O‘zbekistonning Buyuk ipak yo‘li tarixidagi o‘rni, boy madaniy merosi va xavfsiz yo‘nalish sifatidagi nufuzi uni yaponiyalik yoshlar uchun jozibador qilishini ta’kidlab, mamlakatimizni ta’lim sayohatlari yo‘nalishlari qatoriga kiritishni rejalashtirayotganliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida 2027-yilda Tokiodagi ikkita maktabning 130 nafar o‘quvchisi uchun O‘zbekistonga ta’lim sayohatini tashkil etishga kelishib olindi. Bunda boshlang‘ich sinflarning 50 nafar o‘quvchisi uchun olti kunlik, yuqori sinf o‘quvchilari uchun esa sakkiz kunlik dastur ishlab chiqilib, Toshkent, Samarqand va boshqa hududlarga tashriflar amalga oshiriladi.

Shuningdek, joriy yil dekabr oyida Tokiodagi ikkita maktabda O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdimoti o‘tkaziladi, 2027-yilning birinchi choragida esa Tokio maktablarining 30 ga yaqin direktorlari uchun mamlakatimizga tanishuv safari tashkil etiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish