Sietlda “O‘zbek mahallasi” jamoat birlashmasi tashkil etildi
Iyul 07, 2026. 17:30 • 2 daq
• 70SIETL, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Vashington shtati Sietl shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tashabbusi bilan ushbu hududdagi rasmiy tashkilot – “O‘zbek mahallasi” jamoat birlashmasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur birlashma Vashington shtati hukumati tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shtat davlat kotibi Stiv Xobbs tomonidan ushbu tashabbusning huquqiy eʼtirof etilishi Sietldagi o‘zbek jamoasi hayotida tarixiy voqea bo‘ldi.
Bugungi kunda Vashington shtatida 3 mingdan ziyod o‘zbekistonlik yashaydi. Ularning aksariyat qismi Sietl va uning atrofidagi “Microsoft”, “Amazon”, “Google”, “Boeing”, “Oracle”, “NVIDIA” kabi jahonning yirik texnologik hamda transmilliy kompaniyalarida dasturiy taʼminot, sunʼiy intellekt, muhandislik, aviatsiya, tibbiyot va tadbirkorlik sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
“O‘zbek mahallasi” jamoat birlashmasi raisi etib AQSH davlat boshqaruvi tizimida 15 yillik tajribaga ega bo‘lgan, hozirda Vashington shtati Tuzatish ishlari departamentida boshqaruvchi lavozimida ishlayotgan hamyurtimiz Muso Xolmurodov tayinlandi.
Ushbu jamoat birlashmasi vatandoshlarni birlashtirish, milliy bayramlar va madaniy tadbirlarni tashkil etish, AQSHga yangi kelgan yurtimiz fuqarolarining ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish, yosh avlod qalbida ona tili va milliy qadriyatlarga mehr uyg‘otish kabi muhim vazifalarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

