O‘zbekistonlik o‘n yoshli o‘quvchi plastik idishlarni yig‘uvchi roboti bilan Germaniyada nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi

Noyabr 25, 2026. 15:30 • 3 daq

• 262
O‘zbekistonlik o‘n yoshli o‘quvchi plastik idishlarni yig‘uvchi roboti bilan Germaniyada nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi

DRЕZDЕN, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Saarland federal o‘lkasi Ottvayler shahrida yashovchi o‘zbekistonlik o‘n yoshli Ilmiyor Sadriddinov o‘zi yasagan “AIMER” roboti bilan “mb21” Germaniya multimedia mukofotini qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Taqdirlash marosimi Drezden shahrida tashkil etilgan mediafestival doirasida bo‘lib o‘tdi. Saarland teleradiokompaniyasi (SR)ning ma’lum qilishicha, Ilmiyor 200 nafardan ortiq raqibini ortda qoldirib, finalga chiqqan 15 nafar ishtirokchidan biri bo‘lgan.

“AIMER” – ommaviy tadbirlarda odamlar orasida harakatlanadigan robot. U odamlarni bo‘sh plastik idishlarni yerga tashlamasdan, robotga solishga undaydi. Kimdir idish tashlasa, robot ovoz chiqarib, xushmuomalalik bilan minnatdorlik bildiradi, qiziqarli faktlar va hazil gaplar aytadi.

Ilmiyor matnni nutqqa aylantiradigan dastur orqali robotni “gapirtirgan”. Robotning nomi “Artificially Intelligent Mobile Entertaining Recycler” (Sun’iy intellekt bilan harakatlanuvchi va ko‘ngilochar chiqindi yig‘uvchi) iborasining qisqartmasi hisoblanadi. U nemischa “Eimer” (chelak, chiqindi qutisi) so‘ziga ham o‘xshash. Robot karton, qayta ishlangan materiallar va “LEGO Spike” to‘plamidan yasalgan.

Hakamlar hay’ati yosh hamyurtimizning tashabbuskorligi, loyihani g‘oyadan prototipgacha izchil taqdim etgani va robotning dasturiy kodini mustaqil ishlab chiqqanini alohida e’tirof etdi. Mutaxassislar ushbu loyihani kelajakda rivojlantirish mumkin bo‘lgan innovatsion g‘oya sifatida baholadi.

Iqtidorli yosh vatandoshimizning aytishicha, robotni yaratish g‘oyasi Saarbryukkenda o‘tkazilgan “Make it Saarland” tanloviga tayyorgarlik chog‘ida tug‘ilgan. “Dunyoni ozoda saqla” shiori ostida o‘tgan tanlovga tayyorgarlik jarayonida yosh ixtirochi jahondagi jiddiy ekologik muammolar haqida o‘ylab, chiqindilar bilan ifloslanishga qarshi kurashishga qaror qilgan. Shu tariqa, “AIMER” loyihasi yaratilgan.

“mb21” multimedia mukofoti Germaniyadagi eng nufuzli tanlovlardan biri hisoblanadi. Unda 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar raqamli media loyihalari bilan mamlakat miqyosida bellashadi. Tanlov Germaniya bolalar va yoshlar kino markazi (KJF) hamda Drezden mediamadaniyat markazi tomonidan tashkil etiladi. Bu yil 28-marta o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblarga jami 11 ming yevro mukofot puli ajratildi.

Homiylar tomonidan taqdim etiladigan mukofot pulini Ilmiyor robotni takomillashtirishga sarflamoqchi. Uning rejasiga ko‘ra, keyingi namuna karton quti o‘rniga haqiqiy chiqindi konteyneri asosida yasaladi. Robot ichiga kamera o‘rnatiladi va maxsus mexanizm chiqindi turlarini ajratishni o‘rganadi.

Hozirda yosh hamyurtimiz Ottvayler gimnaziyasida tahsil olmoqda va musiqa bilan ham shug‘ullanayapti. U yaqinda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Best of GO” tadbirida fortepianoda kuy chalib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish
Logo
"Dunyo" Information Agency is a leading source of news on foreign policy and the development of Uzbekistan.
Sections
Information
Contacts
+99871-239-17-76
dunyo@mfa.uz
3A, Amir Temur str., Tashkent, 100000