Toshkentda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” formatidagi xalqaro forumi boshlandi
Sentabr 24, 2026. 11:00 • 2 daq
• 170TOSHKЕNT, 24-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyo – Yaponiya” formatida tahlil markazlari ishtirokidagi xalqaro forum boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu forum Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tokio universiteti qoshidagi Osiyo ilg‘or tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir Tokio deklaratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” muloqoti doirasida o‘zaro hamkorlikning yangi imkoniyatlarini aniqlashga qaratilgan.
Bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda tahlil markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va ishbilarmon doiralar vakillari, Yaponiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjondan olimlar hamda ekspertlar ishtirok etmoqda.
Forumning ochilishida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Tokio universiteti qoshidagi Osiyo ilg‘or tadqiqotlari instituti professori Sigeto Sonoda va O‘zbekistonning Yaponiyadagi sobiq elchisi Alisher Shayxov so‘zga chiqdi.
Ishtirokchilar raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanayotgani fonida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Xususan, hamkorlikni yanada rivojlantirish nafaqat ma’muriy mexanizmlarni takomillashtirish, balki mas’ul muassasalar o‘rtasida tegishli hujjatlar va ma’lumotlarning texnik muvofiqligi hamda uyg‘unligini ta’minlashni taqozo etishi qayd etildi.
Forum doirasida transport, raqamlashtirish va yangi texnologiyalar, gumanitar hamkorlik, ta’lim va ekspertlar muloqoti masalalariga bag‘ishlangan sessiyalar bo‘lib o‘tadi.
Muhokamalar jarayonida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

