O‘zbekiston OTM dunyoning yetakchi ilmiy markazlaridan biri bilan hamkorlik o‘rnatdi
Aprel 26, 2026. 10:39 • 58 soniya
• 122
LONDON, 26-aprel. /“Dunyo” AA/. Toshkentdagi Britaniya menejment universiteti (BMU) delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Kembrij universitetining Kavendish laboratoriyasi bilan “BMU-Cavendish rivojlanish tashabbusi”ni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. BMU O‘zbekistonda ushbu laboratoriya bilan hamkorlikni boshlagan birinchi oliy ta’lim muassasasiga aylandi.
Marosimda Kavendish laboratoriyasi kafedrasi mudiri, professor Mete Atatyure imzolangan ushbu hujjat kelajakda keng ko‘lamli ilmiy-akademik hamkorlik uchun zamin yaratishini alohida ta’kidladi.
Tashrif davomida o‘zbekistonlik talabalar Kembrij universitetining o‘quv jarayoni va faoliyati bilan tanishdi. Yoshlarga Kavendish laboratoriyasining taniqli professorlari tomonidan fizika, kimyo, qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishlarida qator ma’ruzalar tashkil etildi.
Kembrij universitetining Kavendish laboratoriyasi dunyoning eng mashhur ilmiy markazlaridan biri sanaladi. 1874-yilda tashkil etilgan mazkur laboratoriya 2025-yilda yangilanib, zamonaviy uskunalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.
Muassasada eksperimental va nazariy fizika sohasida fundamental tadqiqotlar olib boriladi. Genri Kavendish sharafiga nomlangan ushbu laboratoriya fizika ta’limi va tadqiqotlarini tizimli rivojlantirgan ilk markazlardan biridir. Ayni paytda bu yerda kvant fizikasi, nanotexnologiyalar va astrofizika yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda. Turli yillarda laboratoriyada ko‘plab Nobel mukofoti laureatlari faoliyat yuritgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi