Senat “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni maʼqulladi
Avgust 09, 2026. 13:30 • 2 daq
• 59
TOSHKENT, 9-avgust. /“Dunyo” AA/. Kecha Oliy Majlis Senatining 18-plenar majlisida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun maʼqullandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, muhokama chog‘ida ushbu konstitutsiyaviy qonun Senatning 17-plenar majlisida ko‘rib chiqilib, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga yuborilgani qayd etildi. Senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasi tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari vakillari ishtirokida qonun qayta ishlab chiqildi.
Konstitutsiyaviy qonun respublikamiz IT-parki hududida faoliyat yurituvchi “Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun ingliz huquqi tamoyillari asosida huquqiy poydevor yaratadi.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq Markazni tashkil etish, faollashtirish, uning chegaralarini o‘zgartirish, strategik boshqaruv, asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlariga bevosita taalluqli boshqa masalalar qabul qilingan farmonlari va qarorlariga asosan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, moslashuvchan soliq va bojxona rejimi, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha soliqlardan ozod qilish, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Markaz ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini, yaʼni ro‘yxatga olish va boshqarish uchun yagona darcha tashkil etish, intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Markaz faoliyati natijasida mamlakatda raqamli xizmatlar eksportini 2030 yilga borib 5 milliard AQSH dollariga yetkazish, iqtisodiyotda 300 mingdan ortiq yangi yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish hamda ko‘plab iqtidorli yoshlarni o‘z vatanida jahon standartlari darajasidagi ish haqi bilan taʼminlash uchun mustahkam poydevor qo‘yiladi.
Qonunning qabul qilinishi xorijiy investorlarning mulkiy va intellektual huquqlarini xalqaro standartlar darajasida kafolatlanishiga, buning natijasida esa Apple, Google, Microsoft, Amazon kabi dunyoning eng yirik transmilliy IT-gigantlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yurtimizga kirib kelishiga huquqiy asos yaratadi.
Senatorlarning fikricha, maʼqullangan konstitutsiyaviy qonun yalpi ichki mahsulotda IT-sektor ulushini oshirishga, raqamli sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishga, raqamli texnologiyalar sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratishga va IT-xizmatlar eksporti hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi