O‘zbekiston va Finlandiya parlamentlararo hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilandi
Oktabr 03, 2026. 12:40 • 2 daq
• 117
XELSINKI, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Finlyandiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik parlament guruhi raisi Ville Skinnari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, muloqotda Finlyandiya parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Yoxannes Koskinen ham ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston–Finlandiya munosabatlarining jadal rivojlanayotgani qayd etilib, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik va savdo sohalarida erishilgan natijalar ijobiy baholandi.
Uchrashuvda Shimoliy Yevropa davlatlari va Markaziy Osiyo o‘rtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirish tashabbusi ilgari surildi. “Shimoliy mamlakatlar–Markaziy Osiyo” formati doirasida savdo, ta’lim, innovatsiyalar, barqaror rivojlanish va transport bog‘liqligi sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirish, jumladan, “Global Gateway” va YETTB imkoniyatlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Afg‘oniston masalasi ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Finlandiya tomoni O‘zbekistonning Afg‘oniston yo‘nalishidagi tajribasi va ekspertlik salohiyatiga qiziqish bildirdi.
Transport-logistika yo‘nalishida O‘zbekistonning Yevropa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqishini ta’minlaydigan yo‘laklarni diversifikatsiya qilish hamda turli transport yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lash muhim vazifa sifatida belgilandi.
Finlandiya biznes doiralarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi. “Metso” kompaniyasi faoliyati ijobiy misol sifatida tilga olinib, texnologik kompaniyalar va kichik hamda o‘rta biznes subyektlari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Finlandiya parlamentariylari O‘zbekistonga biznes delegatsiyasini tashkil etish va uning mahalliy ishbilarmon doiralar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, jumladan, parlamentlar rahbariyati, qo‘mitalari va do‘stlik guruhlari o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Tomonlar YEXHT Parlament Assambleyasi doirasidagi hamkorlikni ham ijobiy baholab, kelgusi tadbirlarda muloqotni davom ettirish va o‘zaro tashriflarni tashkil etish masalasini qo‘llab-quvvatladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi