O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirmoqda

Oktabr 03, 2026. 13:10 • 2 daq

• 4
O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirmoqda

TOSHKENT, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning 2026-yil yanvar–avgust oylari yakunlari bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi 57,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 milliard dollarga yoki 7,6 foizga o‘sdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasi tuzilmasida eksport 22,9 milliard dollarni tashkil etib, 3,4 foizga kamaygan, import esa 34,5 milliard dollarga yetib, 16,3 foizga oshgan.

Shu bilan birga, umumiy eksport tarkibidagi tovarlar (oltinni hisobga olmaganda) eksporti dinamikasida sezilarli o‘sish kuzatildi. Xususan, sakkiz oy ichida mazkur ko‘rsatkich 11,5 milliard dollarga yetib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga ko‘paygan.

Joriy yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston dunyoning 200 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi, bu esa mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalari geografiyasi kengligini aks ettiradi.

Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush Xitoy — 23 foiz, Rossiya — 16 foiz, Qozog‘iston — 6,5 foiz, Turkiya — 3,4 foiz va Afg‘oniston — 2,5 foiz hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ekspertlarning fikricha, yilning dastlabki oylari yakunlari O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining yana-da kengayib borayotganidan dalolat beradi. 7,6 foizlik umumiy o‘sish, eng avvalo, import operatsiyalarining ko‘payishi hisobiga ta’minlandi. Shu bilan birga, oltinni hisobga olmasdan tovar eksportining 28,7 foizga o‘sgani ayniqsa sezilarli bo‘lib, bu tovar eksportining xomashyoga kirmaydigan tarkibiy qismi dinamikasi mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish