O‘zbekiston va Singapur parlamentlararo aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini ko‘rib chiqmoqda
Oktabr 09, 2026. 15:30 • 2 daq
• 88
SINGAPUR, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Singapur parlamentlararo do‘stlik guruhlari o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar va faol siyosiy muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni mintaqalararo darajada rivojlantirish, xususan, Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASЕAN) mamlakatlari parlamentlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik doirasida o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Singapur tomoni halol mahsulotlar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, 2027-yilda O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan qo‘shma madaniy tadbirlar tashkil etish, yoshlar hamkorligini rivojlantirish hamda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo muloqotni izchil davom ettirish, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi