O‘zbekiston Prezidenti “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi

Iyun 23, 2026. 11:55 • 2 daq

79
O‘zbekiston Prezidenti “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekiston Prezidenti “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi

TOSHKЕNT, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan keng imkoniyatlar tufayli amalga oshdi.

Umumiy qiymati 35 million dollar bo‘lgan klaster tuman hududidan ajratilgan 10 gektar yer maydonida uch bosqichda yo‘lga qo‘yiladi.

Birinchi bosqichda xorijdan 15 ming bosh nasldor qo‘y olib kelinsa, ikkinchi bosqich yakunida chorva sonini yana 35 ming boshga ko‘paytirish reja qilingan. Yuqori mahsuldorlikka ega bo‘lgan “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv orqali go‘sht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati mavjud. Loyihaning texnologik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, xorijdan olib kelingan 40-50 kilogramm vazndagi qo‘ylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu har bir bosh qo‘ydan 60-70 kilogrammgacha sof go‘sht olish demakdir.

Natijada an’anaviy chorvachilikka nisbatan mahsuldorlik 45-50 foizga oshadi va loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushganidan so‘ng viloyatda yiliga 35-40 ming tonna sifatli go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanadi.

Bu yerda 280 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilishi hamda 95 ta kambag‘al oila vakillarining bandligi ta’minlanishi mahalliy aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, majmua negizida zamonaviy logistika xizmatlari, veterinariya va servis shoxobchalari hamda mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga mo‘ljallangan savdo nuqtalari barpo etiladi. Natijada yaxlit va uzluksiz klaster zanjiri yaratiladi.

Prezidentimiz ushbu korxona tajribasi chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash va aholi bandligini oshirishda foydali ekanini qayd etib, uni ommalashtirishga topshiriq berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish