O‘zbekiston Prezidenti Samarqandda Qoradaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi jarayoni bilan tanishdi

Oktabr 18, 2026. 18:50 • 2 daq

• 57
O‘zbekiston Prezidenti Samarqandda Qoradaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi jarayoni bilan tanishdi

TOSHKЕNT, 18-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Qoradaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi jarayoni bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yirik inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, harakat xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan. U yangi barpo etilayotgan “Shirin” massivini Samarqand shahri hamda xalqaro aeroport bilan bog‘laydi.

Loyiha qiymati 310 milliard so‘m bo‘lgan ko‘prikning uzunligi 780 metr, kengligi 29,8 metr, balandligi esa 12 metrni tashkil etadi. Qatnov qismi 4 tasma, kuniga 25 mingtagacha transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi.

Yangi obyekt foydalanishga topshirilgach, Shirin shaharchasidan markazgacha bo‘lgan masofa 23 kilometrdan 4 kilometrga, yo‘lga ketadigan vaqt esa 30 daqiqaga qisqaradi.

Davlatimiz rahbariga loyihaning texnik yechimlari va transport oqimini boshqarish imkoniyatlari haqida axborot berildi.

Shu yerda faollar bilan suhbat bo‘ldi.

– 2016-yilda O‘zbekistonga bor-yo‘g‘i 1 million 200 ming turist kelardi. Hozir bir yilda 5 million sayyoh tashrif buyurdi. Qachon biz bunday natijalarni tasavvur qilardik? Albatta, bugun dunyo raqobat asosida rivojlanyapti. Biz ham bu raqobatda o‘z o‘rnimizni mustahkamlashimiz kerak.

Loyihalarni to‘g‘ri ishlab chiqsak, logistikani oqilona tashkil etsak, xarajatlarni qisqartiramiz, odamlarimizning uzog‘ini yaqin qilamiz. Axir bu shahar odamlar uchun-ku!

Mana shu ko‘prik mening orzularimdan biri edi. Bugun bu orzu ro‘yobga chiqdi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari shahar odamlar uchun xizmat qilishi kerakligi haqidagi fikrini davom ettirib, har bir insonning xalq va yurt oldidagi mas’uliyatiga to‘xtaldi.

– Men kechagi nutqimda ham “o‘z”, “o‘zimiz”, “o‘zligimiz”, “o‘zimizniki” degan so‘zlarga qayta-qayta urg‘u berdim. “Men o‘zbekistonlikman, xalqim uchun harakat qilaman, xalqim uchun o‘qiyman, ertangi kunim uchun izlanaman” degan g‘oyalar ruhida yashashimiz kerak.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish