O'zbek kinosi dunyoni zabt etmoqda: Londonda bo'lib o'tgan "ECG Film Festival"da o'zbek filmlari e'tirof etildi
May 29, 2025. 09:49 • 3 daq
• 1385
LONDON, 29-may. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 26-27-may kunlari Londonda VII Yevroosiyo ijodiy kino festivali (ECG Film Festival) bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Bu yil festivalga Hindiston, Turkiya, Kanada, Eron, Xitoy, Rossiya, Qozog'iston, Armaniston va O'zbekiston kabi 23 davlatdan 100 dan ortiq filmlar taqdim etildi.
E'tiborlisi mazkur festivalda O'zbekistondan uchta to'liq metrajli film ishtirok etdi. Mazkur filmlarning barchasi rejissyor Muzaffarxon Erkinov tomonidan suratga olingan.
Jumladan VII Yevroosiyo ijodiy kino festivalida Mo'ynoq taqdiri, chekingan dengiz va o'z ona qirg'og'idan uzoqda o'zini izlayotgan yigit haqida ta'sirli drama "Oydinlar", buyuk turkman shoiri hayotining badiiy talqini, uning Buxoro va Xivada o'qigan yillariga bag'ishlangan "Maxtumquliy Firog'iy" va - "Abdulla Oripov" filmlari namoyish etildi.
Festival yakunlariga ko'ra, "Oydinlar" filmi "Eng yaxshi badiiy film" nominatsiyasida Gran-prini qo'lga kiritgan bo'lsa, "Maxtumquliy Firog'iy" kartinasi "Tomoshabinlar e'tirofi" nominatsiyasida g'olib bo'ldi.
Ishtirokchilarning fikricha, o'zbek filmlarida ilgari surilgan g'oyalar va hikoyalar jahon tomoshabinlarining yuksak e'tirofiga sazovor bo'lgani eng muhim mukofot bo'ldi.
Xususan, festival hakamlar hay'ati a'zosi Anastasiya Kalinovskaya "Oydinlar" filmi haqida quyidagi fikrlarni bildirdi: "Film ajoyib dinamika, ekspressiv vizual uslub va ta'sirchan xotira muhitiga ega. Kompozitsion jihatdan chiroyli kadrlar dramaturgiyani to'ldiradi va tomoshabinga chuqur ta'sir ko'rsatadi. O'zbekiston jahon mualliflik kinosi xaritasida o'z o'rnini ishonch bilan mustahkamlamoqda va ECG kinofestivalida ishtirok etish bu yo'lda muhim bosqich bo'ldi".
Yevroosiyo ijodiy filmlar festivali kino san'atini rivojlantirish bo'yicha muhim platformadir. Festivaldan ko'zlangan maqsad Yevroosiyo kinosini ingliz tilida so'zlashuvchi makonda targ'ib qilish va kino sanoati vakillarini butun dunyo mutaxassislari bilan tanishtirish, Yevroosiyo mamlakatlari va xalqlarining aloqadorligini aks ettiruvchi asarlar bilan dunyoni tanishtirish, hamkorlik va birgalikda rivojlanish imkoniyatlarini ko'rsatishdan iborat.
ECG kinofestivalida to'liq va qisqa metrajli filmlar, animatsiya, hujjatli filmlar, buktreylerlar, ssenariylar, mobil videolar va musiqiy videolar namoyish etiladi. Har yili Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Italiya, Tojikiston, Finlyandiya, AQSh, Belarus, Ozarbayjon, Shvetsiya, Germaniya, Eron, Gruziya, Armaniston, Ukraina, O'zbekiston, Kanada, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan filmlari namoyish etiladigan festivalda 1500 dan ortiq kishi keladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

YUNESKO Hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasida qoraqalpoq o‘tovini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritishga bag‘ishlangan masalaning muhokamasi boshlandi



