Gruziyadagi vatandoshlarga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi
Oktabr 30, 2026. 13:00 • 2 daq
• 134
TBILISI, 30-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasi vakillari Tbilisi va Batumi shaharlaridagi vatandoshlar bilan sayyor konsullik uchrashuvlarini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sayyor qabullarda hamyurtlarga fuqarolik, pensiya ta’minoti, mehnat faoliyati, O‘zbekistonga qaytish guvohnomalarini rasmiylashtirish va boshqa konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, xorijda bo‘lib turgan fuqarolarga mezbon davlat qonunchiligiga qat’iy rioya qilish, milliy urf-odat va an’analarni hurmat qilish hamda shaxsiy mas’uliyatni his etish zarurligi qayd etildi.
Tashrif doirasida Ojariston Avtonom Respublikasi Odam savdosi jabrlanuvchilariga davlat tomonidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatish agentligi vakillari bilan suhbat o‘tkazildi.
Muloqot jarayonida voyaga yetmagan vatandoshimizni yurtimizga qaytarish masalasi muhokama qilindi. Gruziya tomoni ushbu jarayonni tashkil etishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Diplomatlar Gruziya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari departamenti Vaqtincha saqlash markazi rahbariyati bilan o‘tkazgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarining hujjatlarini to‘g‘rilash va ularni vatanga qaytarish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Elchixona vakillari ushbu markazda bo‘lib turgan vatandoshlar bilan alohida suhbat o‘tkazib, ularning tezroq yurtimizga qaytishi uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.
O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasi (qarorgohi Boku shahrida) xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga konsullik-huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi