“ITTF Warsaw 2026” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Noyabr 22, 2026. 17:30 • 2 daq
• 23VARSHAVA, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. Polsha poytaxtida Markaziy Yevropaning yirik xalqaro sayyohlik tadbirlaridan biri – “ITTF Warsaw 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbirda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 250 dan ziyod yetakchi sayyohlik kompaniyalari, aviakompaniyalar, mehmonxona tarmoqlari va milliy turizm tashkilotlari ishtirok etdi. Ko‘rgazmada 10 ming nafarga yaqin mehmon, jumladan, soha mutaxassislari, turoperatorlar va OAV vakillari qatnashdi.
Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi tashabbusi bilan ko‘rgazmada “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi hamda qator yetakchi o‘zbek turoperatorlari o‘z stendlari bilan qatnashdi.
Vakillarimiz ko‘rgazma doirasida yurtimizning turizm imkoniyatlari, 2027-yil aprel oyidan milliy aviakompaniya tomonidan yo‘lga qo‘yiladigan Toshkent–Varshava–Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovlar hamda boshqa tranzit imkoniyatlari haqida xorijliklarga ma’lumot berdi.
Tadbir davomida Polsha va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining sayyohlik kompaniyalari bilan “B2B” formatida muzokaralar o‘tkazilib, yangi qo‘shma turpaketlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, chet el kompaniyalar bilan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar bo‘ylab an’anaviy sayohatlar uyushtirish, gastronomik turizm, etnoturizm, ekoturizm, tog‘ turizmi kabi yangi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma turizm loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



