O‘zbekiston va Oksford universitetlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Sentabr 22, 2026. 08:10 • 2 daq

152
O‘zbekiston va Oksford universitetlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekiston va Oksford universitetlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

LONDON,-22-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Navoiy davlat kon-texnologiya universiteti rektori Baxtiyor Mardonov boshchiligidagi delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan xizmat safarida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Tashrif doirasida Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili, lord Jon Olderdays, Oksford universiteti professori Nik Xankins hamda universitetning «Birsöz» tashabbusi direktori Leyla Najafzoda bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda konchilik sohasida akademik va tijoriy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.

O‘zbekiston vakillari safar davomida Oksford universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishib, zamonaviy ta’lim metodikalari va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rgandi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida konchilik va texnologik ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda akademik almashinuvni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrifning muhim natijalaridan biri Oksford universiteti hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi.

Memorandum doirasida zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida sun’iy intellekt, materialshunoslik, mashinasozlik, mexanika muhandisligi va resurstejamkor innovatsion texnologiyalar belgilandi.

Mazkur kelishuv asosida endilikda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabalarini Oksford universitetida qisqa muddatli o‘quv kurslari va stajirovka dasturlariga yuborish imkoniyatlari ishlab chiqiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish