Annegret Kramp-Karrenbauer: Markaziy Osiyoning yanada rivojlanishi mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga bevosita bog‘liq
Sentabr 21, 2026. 20:00 • 4 daq
• 126
KADENABBIYA, 21-sentyabr. /«Dunyo» AA/. Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlari delegatsiyasi Konrad Adenauer jamg‘armasi raisi Annegret Kramp-Karrenbauer bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuv Italiyaning Kadenabbiya shahrida 17–19-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan «Global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo: o‘z strategiyalari, mintaqaviy xavfsizlik va yangi hamkorlikni shakllantirish» mavzusidagi xalqaro ekspertlar uchrashuvi doirasida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari – parlament a’zolari, tashqi siyosat idoralari xodimlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Annegret Kramp-Karrenbauyer uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati va mintaqani yanada mustahkamlash uchun mavjud ulkan salohiyatni alohida ta’kidladi.
«Men mintaqangiz naqadar muhim ekanini, u qanday strategik ahamiyatga egaligini va yanada kuchli bo‘lish uchun qanchalik katta salohiyatga ega ekanini yaxshi bilaman», – dedi u.
Jamg‘arma raisining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoni yanada mustahkamlash mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil kengaytirish va chuqurlashtirish, o‘zaro hamkorlikning barqaror mexanizmlarini shakllantirish bilan bevosita bog‘liq. Uning ta’kidlashicha, bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy taraqqiyot ustuvorliklarini tobora faol ravishda mustaqil belgilamoqda va o‘zaro bog‘liqlik hamda ishonchni mustahkamlashga, shuningdek, butun mintaqaning izchil rivojlanishiga xizmat qiluvchi hamkorlikning amaliy shakllarini yo‘lga qo‘ymoqda.
Shu munosabat bilan Annegret Kramp-Karrenbauyer Konrad Adenauyer jamg‘armasi shu kabi siyosiy va ekspertlar uchrashuvlarini o‘tkazish orqali mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini ta’kidladi.
«Agar biz ham bu jarayonga, jumladan, bugungi fikr almashuvi orqali muayyan hissa qo‘sha olsak, bundan juda mamnun bo‘laman. Bu men uchun katta quvonch va faxrdir», – dedi u.
Annegret Kramp-Karrenbauyer uchrashuvning Germaniyaning birinchi federal kansleri Konrad Adenauyer nomi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Kadenabbiyada o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy ahamiyatga ega ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
Uning eslatishicha, K.Adenauyer yoz oylarining katta qismini shu yerda o‘tkazgan, biroq uning Kadenabbiyada bo‘lishi amalda hech qachon oddiy ta’til bo‘lmagan. U Italiyada bo‘lgan vaqtida ham davlat ishlari bilan shug‘ullanishda davom etgan, har kuni ko‘plab mehmonlarni, jumladan, xorijiy vakillarni qabul qilgan, ichki va xalqaro siyosat masalalarini muhokama qilgan.
Konrad Adenauyer bu yerda bo‘lgan yillarda «Villa La Collina» amalda muvaqqat federal kanslerlik qarorgohi vazifasini bajargan. Bu yerda yuqori martabali siyosat va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, Germaniyaning davlat va tashqi siyosatiga doir eng muhim masalalar muhokama qilingan. Konrad Adenauyer jamg‘armasi bugun ham Kadenabbiyani xalqaro siyosiy va ekspertlar muloqoti makoni sifatida saqlab kelmoqda.
«Umid qilamanki, bu o‘ziga xos muhit va ushbu maskanning ruhi sizlarga ilhom bag‘ishlab, faoliyatingizda qo‘llab-quvvatlaydi», – dedi Annegret Kramp-Karrenbauyer.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Annegret Kramp-Karrenbauyerga uchrashuvda ishtirok etgani, mintaqaviy muloqotni qo‘llab-quvvatlagani hamda Jamg‘arma maydonida shu kabi tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdorlik bildirdi.
U siyosatchilar, parlament a’zolari, tashqi siyosat idoralari xodimlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlarini birlashtirgan uchrashuv ishtirokchilarining nufuzli tarkibiga alohida e’tibor qaratdi.
«Bu yerda haqiqatan ham siyosatchilar, parlamentlar va tashqi siyosat idoralari vakillari, mintaqa mamlakatlaridan ekspertlar va siyosiy arboblar – mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida faoliyat yuritayotgan insonlar ishtirok etmoqda. Ularning ko‘pchiligi bu yo‘nalishda ko‘p yillardan buyon ish olib bormoqda», – dedi Akramjon Ne’matov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, turli kasbiy doiralar vakillarini, ya’ni Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuv va hamkorlikni mustahkamlash jarayonlarida bevosita ishtirok etayotgan mutaxassislarni bir maydonda birlashtirish imkoniyatialohida ahamiyat kasb etadi. Akramjon Ne’matov Konrad Adenauyer jamg‘armasiga bunday muloqotni ko‘p yillar davomida qo‘llab-quvvatlab kelayotgani va ochiq fikr almashish uchun sharoit yaratayotgani uchun ham minnatdorlik bildirdi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv o‘zgarib borayotgan jahon tartibida Markaziy Osiyoning o‘rni haqidagi keng qamrovli muloqotning bir qismi bo‘ldi. Muhokamalar markazida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, transport hamda suv-yenergetika sohalaridagi o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, Markaziy Osiyoning mustaqil mintaqa sifatidagi mavqeyi va strategik avtonomiyasini mustahkamlash masalalari turdi.
Annegret Kramp-Karrenbauyer 2026-yil 1-yanvardan Konrad Adenauyer jamg‘armasiga rahbarlik qilib kelmoqda. U-2025-yil 19-dekabrda Bundestagning sobiq raisi Norbert Lammert o‘rniga Jamg‘arma raisi etib saylangan.
Annegret Kramp-Karrenbauyer – so‘nggi o‘n yilliklardagi Germaniyaning eng taniqli siyosiy arboblaridan biri. U 2011–2018-yillarda-Saar federal yeri bosh vaziri lavozimida ishlagan, 2018-yil dekabridan-2021-yil yanvariga qadar Germaniya Xristian-demokratik ittifoqiga (XDI) rahbarlik qilgan, 2019–2021-yillarda esa Germaniya federal mudofaa vaziri bo‘lgan. U 1981-yildan buyon XDI a’zosi hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi