YUNESKO bilan Buxorodagi “Poyi Kalon”ni restavratsiya qilish bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi

May 15, 2026. 09:00 • 2 daq

203
YUNESKO bilan Buxorodagi “Poyi Kalon”ni restavratsiya qilish bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi
YUNESKO bilan Buxorodagi “Poyi Kalon”ni restavratsiya qilish bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi

PARIJ, 15-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi vakillari Jahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo hamda “CRATerre” assotsiatsiyasi vakili, meros obyektlarini saqlash bo‘yicha ekspert-arxitektor Sebastyen Morize bilan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekiston Madaniy meros agentligi vakillari Buxorodagi “Poyi Kalon” meʼmoriy majmuasini restavratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Ushbu majmua “Buxoroning tarixiy markazi” nomli Jahon merosi obyektining tarkibiy qismi hisoblanadi.

YUNESKO Jahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo O‘zbekistonning madaniy merosni himoya qilish tizimini takomillashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. Shuningdek, u mamlakatda noyob madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan amaliy ishlarga ijobiy baho berdi.

U so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YUNESKO Jahon merosi markazi o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada rivojlanib borayotganini, bu esa turli yangi tashabbuslar orqali yanada kengayotganini taʼkidladi.

Uchrashuvda “CRATerre” vakillari ham “Poyi Kalon”ni restavratsiya qilish bo‘yicha loyihani birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Bu jarayonda xalqaro ilg‘or tajriba va zamonaviy usullardan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Tomonlar ushbu meʼmoriy majmuaning tarixiy va madaniy ahamiyati juda yuqori ekanini inobatga olib, ushbu loyiha xalqaro hamkorlikning namunaviy amaliyoti bo‘lishi mumkinligini taʼkidladi.

Shuningdek, “Poyi Kalon”ni uzoq muddatli saqlash maqsadida kompleks ko‘p yillik konservatsiya rejasini ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Bu jarayonga mahalliy mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, ularning restavratsiya, konservatsiya va madaniy merosni boshqarish sohalaridagi malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Suhbat davomida “CRATerre” va YUNESKO Jahon merosi markazi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida mehmonlar “Poyi Kalon”ning holatini joyida o‘rganib chiqadi, mahalliy mutaxassislar bilan maslahatlashadi, kadrlar tayyorlash tizimi bilan tanishadi hamda loyiha tafsilotlarini batafsil muhokama qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish