AQSh bilan muzeylar faoliyati bo‘yicha hamkorlik qilinadi
Fevral 13, 2026. 11:02 • 2 daq
• 78
VASHINGTON, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida AQSh Osiyo sanʼati milliy muzeyi direktori Cheyz Robinson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashish bo‘ldi. Shu bilan birga, Muzeylar sohasida qo‘shma dasturlar, akademik tashabbuslar va professional almashinuvlarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida Cheyz Robinson O‘zbekiston xalqini davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi bilan tabrikladi. Uning taʼkidlashicha, islom dini Yaqin Sharqda paydo bo‘lganiga qaramay, uning jahon sivilizatsiyasi tarixida muhim bosqich bo‘lgan ilmiy va madaniy ravnaqi ko‘p jihatdan Markaziy Osiyo, jumladan, hozirgi O‘zbekiston hududi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Uning fikricha, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni madaniy va intellektual uyg‘onishning yangi bosqichi sifatida ko‘rish mumkin.
Tomonlar madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish, ikki mamlakat muzeylari o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar almashinuvini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Joriy yilda AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan muzey direktori Elchixona bilan hamkorlikda o‘zbek madaniyati va mamlakatning sayyohlik salohiyatini ommalashtirishga bag‘ishlangan dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston muzeylari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Cheyz Robinson barqaror va uzoq muddatli sheriklikni shakllantirish maqsadida respublikaning tegishli muzey muassasalari bilan o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash ustuvor vazifalardan biri ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Smithsonian Magazine” jurnalining O‘zbekiston madaniyati va tarixiy merosiga bag‘ishlangan maxsus sonini tayyorlash va nashr etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Cheyz Robinson elchixona bilan hamkorlikda O‘zbekistonga rejalashtirilgan tashrif haqida maʼlumot berdi. Tashrif doirasida yurtimizning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari, meʼmoriy obidalari, zamonaviy shaharsozlik yutuqlari bilan tanishish niyatida ekanini bildirib, milliy taomlarga qiziqish bildirdi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar sohadagi O‘zbekiston – AQSh hamkorligini yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
