Samarqand 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilmoqda
Sentabr 18, 2026. 17:30 • 2 daq
• 103SAMARQAND, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Shu kunlarda O‘zbekiston jahon shaxmati bo‘yicha eng yirik turnirlardan biri – 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zA xabariga ko‘ra, musobaqa rekord darajadagi ishtirokchilarni jamlagan va ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar uchun Paralimpiada bilan bir vaqtda o‘tkazilmoqda.
FIDE Boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosari Dana Reyzniyetse turnirning tashkil etilishini yuqori baholab, ochilish marosimi va musobaqa qoidalariga aniq rioya qilinayotganini taʼkidladi. U Olimpiadaning tarkibiy qismi bo‘lgan Paralimpiada o‘yinlarining ham bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishiga alohida urg‘u berdi.
FIDE prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Vishvanatan Anand O‘zbekiston jahonning yetakchi shaxmat davlatlari qatoriga kirishini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Hindiston, AQSh va Xitoy bilan bir qatorda muvaffaqiyatga erishish imkoniyati yuqori bo‘lgan jamoalar sanaladi.
Shuningdek, u 2004-yilda Rustam Qosimjonov jahon chempionatida g‘alaba qozonganidan so‘ng mamlakatda yosh shaxmatchilarni tayyorlash bo‘yicha boshlangan tizimli ishlarni eʼtirof etdi.
Dana Reyzniyetse O‘zbekistonning qadimiy shaxmat anʼanalariga ham eʼtibor qaratdi: Afrosiyobdan topilgan VII–VIII asrlarga oid shaxmat donalari ushbu hududda o‘yinning ko‘p asrlik tarixidan dalolat beradi.
FIDE vakillari Olimpiadaning Samarqandda o‘tkazilishi mamlakatda shaxmatni rivojlantirishga yangi turtki berishi va yanada ko‘proq xalqaro mehmonlarni jalb etishiga umid bildirishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



